Rossiya bilan Ozarbayjonda muzokara o‘tkazishga tayyormiz – Zelenskiy
Olam
−
25 aprel 5816 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy Moskva rozi bo‘lsa, Rossiya bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichini Ozarbayjonda o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u bugun, 25 aprel kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvdan so‘ng matbuotga qilgan chiqishida so‘z yuritdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uch tomonlama muzokaralar formatini tiklashga tayyor.
“Biz Ozarbayjon Prezidentiga uch tomonlama muzokaralarga tayyor ekanimizni bildirdik. Bunday uchrashuvlar avval Turkiyada, keyin esa Shveysariyada amerikalik hamkorlar ishtirokida o‘tkazilgan. Albatta, agar Rossiya diplomatiyaga tayyor bo‘lsa, yaqin kelajakda bunday muzokaralarni Ozarbayjonda o‘tkazishimiz mumkin”, degan u.
Zelenskiy Aliyev bilan uchrashuv davomida oltita kelishuvni imzolagan.
“Tafsilotlar keyinroq, albatta, e’lon qilinadi. Kelishuvlar turli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bugungi asosiy yo‘nalish esa xavfsizlik, xususan, mudofaa-sanoat kompleksi”, deydi Zelenskiy.
Ukraina bo‘yicha uch tomonlama avvalgi uchrashuv joriy yilning 17–18 fevral kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan edi. Mart o‘rtalarida Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina bilan muzokaralar “ba’zi sabablar tufayli” (AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarini nazarda tutgan holda) to‘xtab turganini aytgandi.
Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSH Ukraina bo‘yicha bir qator “qiziqarli takliflar” ilgari surganini, ammo hozircha ular amalga oshmayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan 2022 yilda boshlangan urushdan so‘ng ilk bor Ozarbayjonga tashrif buyurgani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi