Rossiya urushda Eronga harbiy yordam berishi mumkin

Olam

image

Rossiya Eron-Isroil mojarosida Eron tomoniga harbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatishi Tehronning qanday rasmiy so‘rov bilan murojaat qilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Kommersant” savoliga javoban ma’lum qildi.

Nashrga ko‘ra, Peskovdan Rossiya Eron tomoniga havo hujumidan mudofaa vositalari, jumladan, S-300 yoki S-400 tizimlarini yetkazib berish imkoniyati haqida so‘ralganda, u bu savolga bevosita javob bermagan.

“Barchasi eronlik do‘stlarimiz qanday masalani muhokamaga olib chiqishiga bog‘liq. Aynan bugun Eron Tashqi ishlar vazirligi bilan aloqalar o‘rnatiladi va keskinlik kuchaygan fonda tomonlar fikr almashib, Eron tomoni vaziyat bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bizga yetkazadi”, dedi Peskov Rossiyaning Eronga, jumladan harbiy ko‘mak ko‘rsatish rejalari haqidagi savolga javoban.

Bugun, 23 iyun kuni ertalab “Reuters”ning yuqori martabali manbaga tayanib xabar berishicha, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyning maktubini topshirishi kutilmoqda. Mazkur maktubda Eronga ko‘mak so‘ralgan, biroq qanday turdagi yordam haqida gap ketayotgani yoki harbiy yordam so‘ralganmi, bunga aniqlik kiritilmagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Moskvaga borgani va u yerda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi xabar qilingan edi. Kecha, 22 iyun kuni Rossiyaga yetib kelgan Aroqchi o‘z intervyusida yangi xavfli sharoitda, global tartib izdan chiqayotgan bir paytda Moskvadagi maslahatlashuvlar nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekanini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Eron-Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing