Rossiya va AQSH o‘rtasidagi asosiy muammo aytildi

Olam

image

Rossiya va AQSH munosabatlaridagi eng katta muammo – AQSH ma’muriyatining aniq bir to‘xtamga kela olmasligida. Bu haqda kecha, 22 aprel kuni Rossiya TIV rahbarining o‘rinbosari Aleksandr Pankin BMT bosh qarorgohida jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar hozir eng past darajaga tushib ketgan.

“Muammo shundaki, barqarorlik va aniqlik yo‘q. Ertalab bir gapni eshitasiz, kechqurun boshqasini, keyingi kuni esa ikkalasiga ham zid harakatlarni ko‘rasiz. Yuqori darajadagi oldindan aytib bo‘lmaslik – eng katta muammo”, degan u.

Shu bilan birga, Pankin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida Alyaskada bo‘lib o‘tgan bevosita uchrashuvlarni “ancha samarali” deb baholagan.

U, shuningdek, AQSH tomonidan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish muddatini uzaytirish ehtimoli haqida ham fikr bildirgan. Pankinning aytishicha, Rossiya sanksiyalar masalasida doim eng yomon ssenariyga tayyor turadi.

“Biz odatda yaxshi yangilik kutmaymiz. Agar ijobiy narsa yuz bersa – bu yaxshi”, degan TIV vakili.

Qayd etish joiz, joriy yilning mart oyida AQSH Rossiya nefti va neft mahsulotlariga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha yumshatib, 12 martgacha tankerga yuklangan mahsulotlarni sotishga ruxsat bergan edi. Ushbu ruxsatnoma 11 aprelgacha amal qilgan, keyinchalik esa yangi litsenziya berilib, uning muddati 16 maygacha uzaytirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Aleksandr Pankin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing