Rossiyalik boylar Yangi Zelandiyadan bunkerlar sotib olishni boshladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Valdaydagi qarorgohini Ukraina dronlari va raketalaridan himoya qilish uchun qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan o‘rab olayotgan bir paytda, boshqa badavlat rossiyaliklar Yangi Zelandiyadagi yerosti bunkerlari bo‘lgan uylarga millionlab rubl sarmoya kiritmoqda. Bu haqda mahalliy riyeltorlik agentliklariga tayanib, “Shot” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik tadbirkorlar “Uchinchi jahon urushi ehtimoli” va Eronda davom etayotgan urush fonida Yangi Zelandiyada talab uch barobar ortib ketgan ko‘chmas mulklarni sotib olmoqda. Bunday turarjoylarning narxi 23 milliondan 200 million rublgacha o‘zgarib turadi.

Eng arzon variant – portlashga chidamli, gaz o‘tkazmaydigan lyuk va suv o‘tkazmaydigan kompozit konstruksiyaga ega kichik xona ko‘rinishidagi bunker. Unga havoni filtrlash tizimlari (kimyoviy, biologik, radiologik va boshqalar), shuningdek, olov va uchqunlar tarqalishiga to‘sqinlik qiluvchi “portlashga chidamli fitinglar” o‘rnatilishi mumkin. Keyingi narx segmenti – yashash, texnik qismlar, oshxona va boshqa bo‘linmalardan iborat to‘liq yerosti kvartiralari. Bunday himoyalangan uylarning ilg‘or variantlarida ko‘p bolali oilalar va odamlar guruhi uzoq vaqt davomida yashashi mumkin.

Riyeltorlarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti bunkerlari bo‘lgan kottejlar faqat “elita mijozlarga tekshiruvdan so‘ng” ko‘rsatiladi. Shuningdek, tayyor uyga qo‘shimcha ravishda yashirin joy qurib berish varianti ham mavjud bo‘lib, buning uchun 4 milliondan 40 million rublgacha pul to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Odatda badavlat rossiyaliklar Oklend, Vellington va Kraystcherch kabi rus tilli jamoalar mavjud bo‘lgan Yangi Zelandiya shaharlaridan yer uchastkalarini sotib oladi, so‘ngra ularda maydoni taxminan 100 kvadrat metr bo‘lgan bunkerli uylar quradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta kompaniyasi bosh direktori Mark Sukerberg AQSHning Mayami shtatidan 170 million dollarga hashamatli villa xarid qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yangi Zelandiya bunker

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing