Japarov bilan do‘stligimizni faqat o‘lim buzishi mumkin – Tashiyev 

Olam

image

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev hokimiyat uchun Prezidentlikka intilmasligini aytdi. Bu haqda u mamlakat Prezidenti Sadir Japarov faoliyatining 5 yilligi munosabati bilan tayyorlangan 4 qismdan iborat “Prezident” hujjatli filmida aytib o‘tdi.

Qamchibek Tashiyev Sadir Japarov bilan do‘stligi ko‘plab sinovlardan o‘tganini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning tandemini buzishni istaydigan yomon niyatli odamlar ham bor. Shunga qaramay, Tashiyev ularning shaxsiy do‘stligi va siyosiy ittifoqi mustahkamligicha qolayotganini urg‘ulagan.

“Men bilan Sadir Nurg‘ojoyevich o‘rtasidagi munosabatlar, siyosatdagi yo‘limiz, hayotga bo‘lgan qarashlarimiz bir – buni Yaratganning o‘zi ko‘rib turibdi. Biz bir-birimizni boylik, hokimiyatni saqlab qolish yoki ta’sir kuchi uchun qo‘llab-quvvatlamaymiz. Bizni insoniy fazilatlar, qadriyatlar va manfaatlarning mushtarakligi birlashtiradi. Bizning asosiy manfaatimiz – vatanga, qirg‘iz xalqiga bo‘lgan muhabbat. Shu jihatda biz bir-birimizga mos keldik.

Ko‘pchilik siyosatda do‘stlik bo‘lmaydi, deydi. Turli odamlar bizni bir-birimizga qarshi qo‘yishga urinadi, buning uchun turli rejalar tuzadi. Ular biz janjallashsak, bundan o‘zlariga nimadir tegadi, deb o‘ylashadi. Bunday umidlar ularda ilgari ham bo‘lgan, hozir ham bor. Ammo bu umidlarning barchasi toshga urilgandek chil-parchin bo‘ladi. Yana bir bor aytaman: meni Sadir Nurg‘ojoyevichning hokimiyati ham, prezidentlik ham qiziqtirmaydi”, deydi u.

Tashiyevning aytishicha, unda Sadir Japarovdan hokimiyatni tortib olib, o‘zi prezident bo‘lishi haqida fikr yo‘q.

“Oramizda hech qanday kelishmovchilik yo‘q va aynan shu tufayli bugun davlat rivojlanmoqda, ko‘plab muammolar hal etilmoqda. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Faqat o‘limgina bizning do‘stligimizni buzishi mumkin. Boshqa sabab yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Xudo xohlasa, biz har doim shunday ishlaymiz”, deydi Tashiyev.

Eslatib o‘tamiz, Sadir Japarov 4 qismdan iborat “Prezident” hujjatli filmda Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p yillik chegara muammosi, hatto, qon to‘kilishiga olib kelgan janjalning hal etilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Qamchibek Tashiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing