Samarqandda 17 yoshli yigitning o‘limiga sababchi bo‘lgan profilaktika inspektori qamaldi

3-sahifa

image

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 17 yoshli yigitning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan profilaktika inspektoriga sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, 2025 yilning 20 fevral kuni 2008 yilda tug‘ilgan B.B. (o‘g‘il bola) amakisiga tegishli Cobalt avtomashinasini o‘zboshimchalik bilan haydab chiqib ketgan. Mazkur holat yuzasidan 102 raqami orqali Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining navbatchilik qismiga murojaat kelib tushgan va holat Bulung‘ur tumani “Kildon” mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika katta inspektori X.I.ga biriktirilgan.

Shundan so‘ng inspektor va B.B.ning yaqinlari birgalikda yigitni qidirgan. Ikki kun davom etgan qidirish ishlaridan so‘ng, 21 fevral kuni yigit Jizzax viloyati Zarbdor tumanidan topilib, soat 19:00 larda uyga olib kelingan. Shundan so‘ng inspektor o‘smirni ichki ishlar xodimlaridan olib chiqib kelganini va 400 ming so‘m pul berganini aytib, ularni aldab ishonchiga kirib, ushbu pullarni talab qilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, profilaktika inspektori yigitni uydan olib chiqib ketib, tartibga ko‘ra u bilan pedagogik va psixologik profilaktika tadbirlari o‘tkazmagan va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan. Aksincha, uning qarindoshlariga “bu bola qamaladi, endi qonun oldida javob berishi kerak” degan mazmundagi gaplarni aytib, qo‘rqitgan.

O‘smir B.B. qamalishidan qo‘rqib, stress holatiga tushib, 22 fevral kuni uyining molxonasida 20 litrlik yelim idish (kanistr)da mavjud bo‘lgan dizel yonilg‘isini ustiga sepib, o‘ziga o‘t qo‘ygan. Oqibatda og‘ir darajadagi kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Unga shifokorlar 2 oydan ko‘proq vaqt davomida tibbiy yordam ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramasdan, 6 may kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida vafot etgan.

2025 yil 4 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi profilaktika inspektori X.I.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga sabab bo‘lishi) 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topdi.

Unga nisbatan 2 yil muddatga Ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sobiq xodim sud zalining o‘zida qamoqqa olinib, manzil-koloniyaga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 31 yoshli erkak operatsiya vaqtida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand profilaktika inspektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing