Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
31 mart 1147 1 daqiqa
Bugun, 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Yermek Kusherboyevni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida amalga oshirilayotgan faol hamkorlik munosabatlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, qo‘shma Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suvdan foydalanish sohalarida kooperatsiya aloqalari izchil kengaymoqda.
Uchrashuv chog‘ida iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sayyohlik oqimini yanada ko‘paytirish, gumanitar almashinuv dasturlarini, shu jumladan, kosmos va kreativ iqtisodiyot sohalarida tobora kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlangan. Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Live
Barchasi