Shavkat Mirziyoyev JSTga kirish jarayonini tezlashtirishni topshirdi

Jamiyat

image

Bugun, 6 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha 2026 yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilgan. Ularda 200 dan ortiq savollarga javoblar, 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar JST a’zolariga taqdim etilgan.

Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borilgan. 2025 yilning o‘zida 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlanib, bunday davlatlarning umumiy soni 33 taga yetgan.

Bildirilishicha, JST a’zolari tomonidan O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy e’tirof etilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda 68 ta qonunchilik hujjati JST va xalqaro me’yorlariga uyg‘unlashtirilgan.

Jumladan, JST qoidalariga uyg‘unlashtirish doirasida intellektual mulkni ro‘yxatga olish jarayonlari soddalashtirilib, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilgan, eksport cheklovlari bekor qilingan va shaffof mexanizmga ega eksport bojlari joriy etilgan, ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilingani ta’kidlangan.

Shuningdek, savdodagi texnik to‘siqlarni qisqartirish, sanitariya va fitosanitariya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning byurokratik tartibi o‘rniga sertifikatlashtirish joriy etilgan, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga o‘tkazilgan va 14 ta oziq-ovqat texnik reglamenti bekor qilingan, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish talablari tugatilgan va ro‘yxat 27 foizga qisqartirilgan.

Taqdimotda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi va savdoni himoya qilish choralari to‘g‘risidagi yangi qonunlarni qabul qilish, sanitariya, veterinariya va karantin sohasiga xavfni tahlil qilish, kuzatuvchanlik hamda ilmiy asoslanganlik tartibotlarini joriy etish holati ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbari joriy yilda O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zoligini rasmiylashtirish bo‘yicha kompleks ishlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga to‘liq muvofiqlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash hamda a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev JST Jahon savdo tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing