Siyosat va biznes: Tramp oilasi va Ar-Riyod yaqinlashuvi

Tahlil

image

Shohona kutib olish, dabdabali kechki ovqat va yulduzli mehmonlar. Kecha, 18 noyabrda Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi va Bosh vaziri, mamlakatning de-fakto rahbari Muhammad bin Salmon Ol Saudning 7 yil ichida birinchi bor Oq uyga tashrifi muhim voqeliklarga boy bo‘ldi. Podshohlik ba’zi talablariga erisha olmagan bo‘lsa-da, valiahdning Oq uyda qabul qilinishi mamlakatlar orasidagi 2018 yil buzilgan aloqalar tiklanayotgani, bin Salmonning global obro‘si oshayotganini anglatadi. 

AQSHning Saudiya Arabistoni bilan yaqin munosabatlari taxminan sakson yil oldinga borib taqaladi. Bu munosabatlar 1945 yilda AQSH harbiy dengiz kreyserida Podshoh Abdulaziz ibn Saud va sobiq prezident Franklin Delano Ruzvelt o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlanadi.
Ikki davlat ko‘p yillar davomida mudofaa sohasida hamkorlik qilib kelgan va so‘nggi o‘n yilliklarda ularni qisman Eron bilan o‘zaro raqobat ham birlashtirib kelgan.

Valiahd investitsiya majburiyatini oshirdi

Tramp valiahdni Oq uyning Janubiy maydonida harbiy gvardiya, salyut va AQSH harbiy samolyotlari parvozi bilan o‘tkazilgan dabdabali marosim bilan kutib oldi.

Trampning yon tomonida o‘tirgan bin Salmon, Tramp Saudiya Arabistoniga may oyida qilgan tashrifi chog‘ida bergan 600 milliard dollarlik va’dasini kengaytirib, o‘z mamlakati AQSHdagi investitsiyalarini 1 trillion dollarga yetkazishini ma’lum qildi. Ammo u bu bo‘yicha aniq tafsilotlar yoki muddatlar keltirmadi.

Oq uyga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha anglashuv memorandumi va muhim minerallar bo‘yicha hamkorlik uchun doiraviy bitim imzolangan. Biroq, AQSHga 1 trillion dollarlik investitsiya kiritish Saudiya uchun oson ish emas, chunki mamlakat hozirda Saudiyaning o‘zida futuristik megashaharlar kabi ulkan loyihalarga katta mablag‘ sarflamokda va ular ko‘p hollarda byudjetdan oshib ketadi.

Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va neftga bog‘liqlikni kamaytirishni ko‘zlagan “Vision 2030” dasturining asosiy tashabbuskori sifatida bin Salmon 19 noyabr kuni Jon F. Kennedi san’at markazida o‘tkaziladigan va ko‘plab korporatsiya rahbarlari qatnashadigan investitsiya konferensiyasida o‘z sa’y-harakatlarini targ‘ib qilishi kutilmoqda.

Oval ofisda Tramp o‘z oilasining Saudiyadagi biznes manfaatlari bilan bog‘liq har qanday manfaatlar to‘qnashuvini keskin inkor etdi.

“Mening oila biznesi bilan hech qanday aloqam yo‘q. Men uni tark etganman va energiyamning 100 foizini prezidentlikka bag‘ishlaganman. Oilam nima qilsa ham – bu yaxshi. Ular hamma yerda biznes qiladi”, dedi u.

Oq uy bir necha bor ta’kidlaganki, Tramp prezidentlikka kirishganidan keyin o‘z bizneslarini bolalari boshqaradigan trastga o‘tkazib, bizneslari bilan aloqalarni tugatgan. Shunga qaramay, ushbu trast bevosita Prezidentga tegishli bo‘lgani uchun, Tramp lavozimni tark etganidan keyin oilasining hozir topayotgan pullari unga xizmat qiladi.

Balki shuning uchundir, Saudiya Tramp birinchi muddatini tugatgandan so‘ng uning oilasi bilan yaqin aloqalarni rivojlantirdi. Podshohlik BAA va Qatar bilan birga Trampning kuyovi Jared Kushnerga tegishli Affinity Partners investitsiya fondiga sarmoya kiritdi. Trampning o‘g‘illari Erik va kichik Donald Tramp boshqaradigan Trump tashkiloti butun Ko‘rfaz bo‘ylab ko‘plab ko‘chmas mulk loyihalariga kirdi. Saudiyadagi Dar Global kompaniyasi Tramp tashkilotining eng muhim xorijiy hamkorlaridan biriga aylandi.

Dar Global shu yil boshida Nyu-Yorkdagi Trump Tower'da AQSHdagi ilk ofisini ochdi. 16 noyabr kuni Dar Global Tramp oilasi bilan Maldiv orollarida yangi loyihani e’lon qildi. Shu bilan birga, Saudiyadagi eng yirik davlatga tegishli developer loyihalaridan biri “Diriyah” tez orada Tramp va uning oilasi bilan kelishuvni e’lon qilishi mumkinligini bildirdi. 

Inson huquqlari mavzusi yana kun tartibida

“The Washington Post” tahririyati muxbiri va Saudiya rahbariyati tanqidchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi masalasi Oval ofisda kameralar oldida ko‘tarildi. AQSH razvedka idoralari bin Salmon Istanbuldagi Saudiya konsulxonasida 2018 yilda Qoshiqchini ushlash yoki o‘ldirish operatsiyasini ma’qullagani haqida xulosa chiqargan. Valiahd bu amaliyotni o‘tkazishga buyruq bermaganini aytgan, ammo mamlakatning de-fakto rahbari sifatida mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan. Tramp esa o‘z uslubida edi. U Qoshiqchining o‘ldirilishi haqida Muhammad bin Salmon hech narsa bilmaganini aytdi, bu bilan AQSH razvedkasi xulosalarini rad etdi.

“Siz gapirayotgan odamni juda ko‘plar yoqtirmas edi, uni yoqtirardingizmi-yo‘qmi – bu alohida masala. Hodisalar bo‘lib o‘tdi, lekin u bu haqda hech narsa bilmagan. Shu bilan cheklanishimiz mumkin”, dedi Tramp jurnalistlarga bin Salmon yonma-yon o‘tirgan holda. 

Bin Salmon Qoshiqchining o‘limi haqida eshitish “og‘riqli” bo‘lganini, ammo hukumati “barcha to‘g‘ri tergov qadamlarini” amalga oshirganini aytdi. 

“Biz tizimimizni yaxshiladik, bunga o‘xshash holatlar takrorlanmasligi uchun. Bu og‘riqli va katta xatolik”, dedi u jurnalistlarga.

Tramp esa Qoshiqchi haqidagi savolni bergan jurnalistni “mehmonimizni sharmanda qilishga urinyapsiz”, deb tanqid qildi va valiahdning inson huquqlari bo‘yicha “ajoyib ish qilganini” ta’kidladi, biroq nimani nazarda tutayotganini batafsil tushuntirmadi.

Trampning bin Salmonni himoya qilishi Qoshiqchining bevasida norozilik uyg‘otdi. 

“Hech narsa ... Qanchalik bahsli bo‘lmasin yoki birov uni yoqtirmasin, bunday dahshatli jinoyatni oqlay olmaydi”, dedi Hanan Elatr Qoshiqchi “Reuters” bilan intervyuda. 

Uning aytishicha, u Tramp bilan uchrashib, “haqiqiy Jamol”ni tanishtirishni istagan bo‘lardi.
Bin Salmon nafaqat Qoshiqchi o‘ldirilishi, balki mamlakat ichida muxolifatni qattiq bosim ostiga olishi uchun ham inson huquqlari tashkilotlari tomonidan qattiq tanqid qilib kelinadi. Biroq u bir vaqtning o‘zida mamlakatda qattiq ijtimoiy qoidalarni yumshatgan yirik ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan.

Harbiy hamkorlik

Saudiya uchun yana bir muhim yangilik rasmiy kechki qabulda Donald Tramp tomonidan e’lon qilindi. Bu AQSHning Saudiya Arabistonini “NATOga kirmaydigan asosiy ittifoqchi” sifatida belgilashidir. Bu maqom AQSH sherigiga harbiy va iqtisodiy imtiyozlar beradi, ammo bevosita xavfsizlik majburiyatlarini o‘z ichiga olmaydi. 

“Biz harbiy hamkorligimizni yanada yuqori bosqichga ko‘taryapmiz, Saudiya Arabistonini rasman NATOga kirmaydigan asosiy ittifoqchi deb belgilaymiz. Bu ular uchun juda muhim. Men buni sizga birinchi marta aytayapman, chunki buni oqshomgacha biroz sir saqlashni istadim”,  dedi Tramp.

Tramp bu maqom valiahd bilan “tarixiy strategik mudofaa kelishuvi” imzolanganidan keyin berilganini qayd etdi. Bundan avval Argentina, Avstraliya, Bahrayn, Braziliya, Kolumbiya, Misr, Isroil, Yaponiya, Iordaniya, Keniya, Quvayt, Marokash, Yangi Zelandiya, Pokiston, Filippin, Qatar, Janubiy Koreya, Tailand va Tunisga shunday maqom berilgan. Tayvan ham shu maqomdagi imtiyozlardan foydalanadi, ammo rasman unga ega emas.

NATOga kirmaydigan asosiy ittifoqchi maqomi AQSH va sherik davlat o‘rtasidagi munosabatlar quvvati va ishonchining kuchli ramzi hisoblanadi. Bu maqom mamlakatga qator harbiy va iqtisodiy imtiyozlar beradi. Davlat departamentiga ko‘ra, bunga “kamaytirilgan uran o‘q-dorilari” xarid qilish, muayyan harbiy ta’minot kreditlarini olish, mudofaa uskunalari va o‘q-dorilar bo‘yicha qo‘shma tadqiqot va ishlanmalarda ishtirok etish kiradi.

Shuningdek, ushbu maqom AQSHga Saudiya hududida o‘z harbiy texnikasini AQSH bazalari tashqarisida zaxira qilib qo‘yish imkonini beradi.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, Tramp va bin Salmon tomonidan imzolangan mudofaa kelishuvi AQSHning mintaqaviy xavfsizlikdagi rolini mustahkamlaydi, harbiy sheriklar imkoniyatlarini kuchaytirib, tahdidlarni qaytarish va yengishga xizmat qiladi.

“Bu strategik mudofaa kelishuvi Amerika birinchiligi tamoyili uchun g‘alaba bo‘lib, AQSH mudofaa kompaniyalarining Saudiyada faoliyat yuritishini yengillashtiradi, AQSH xarajatlarini qisman qoplash uchun Saudiyadan yangi mablag‘lar keltiradi va podshohlikning AQSHni o‘zining asosiy strategik sherigi sifatida ko‘rayotganini tasdiqlaydi”, deyiladi bayonotda.

Biroq bu kelishuv Saudiya avval talab qilgan, Kongress tomonidan tasdiqlanadigan NATOga o‘xshash bitimdan pastroq darajada ekani ko‘rinadi.
Oq uy Tramp kelgusida F-35 harbiy uchoqlarini yetkazib berishga ruxsat berganini, Saudiya esa 300 ta AQSH tankini xarid qilishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Podshohlikning 48 ta zamonaviy F-35 uchog‘ini xarid qilish bo‘yicha iltimosini inobatga olgan holda, bu samolyotlarning sotilishi AQSHning ilk marta Ar-Riyodga bunday yuqori texnologiyali uchoqlarni berishini anglatadi, bu esa muhim siyosiy burilish hisoblanadi. Mazkur kelishuv Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanatni o‘zgartiradi va Isroilning “sifat jihatdan ustunlik maqomi”ni saqlab qolish borasidagi AQSH siyosatini sinovga qo‘yadi. Hozirga qadar F-35ga ega bo‘lgan yagona mintaqaviy davlat – Isroil.

Eslash o‘rinliki, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud joriy yilning 17 sentyabr kuni Ar-Riyodda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan har ikki davlatga hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish bo‘yicha strategik mudofaa shartnomasini imzolagandi. Buning asosiy mazmuni – ushbu ikki davlatdan biriga qarshi tajovuz har ikki davlatga qarshi tajovuz deb baholanadi va tomonlar bir-birga og‘zaki emas, balki amaliy ko‘mak beradi. 

Tramp esa 1 oktyabr kuni Qatar xavfsizligini kafolatlashga va’da beruvchi farmonni imzolab, unga qilingan har qanday qurolli hujum Qo‘shma Shtatlarga qilingan tahdid sifatida baholanishini belgiladi. Tramp farmonda Qatarning xavfsizligini ta’minlash va hududiy yaxlitligini himoya qilish bundan buyog‘iga Qo‘shma Shtatlarning ham siyosati ekanini aytdi. U VashingtonAQSH va Qatar davlati manfaatlarini himoya qilish hamda tinchlik va barqarorlikni tiklash uchun barcha qonuniy va tegishli choralarni, jumladan, diplomatik, iqtisodiy va kerak bo‘lsa, harbiy choralarni ko‘rishini ma’lum qildi. 

AQSH va Saudiyaga qaytadigan bo‘lsak, 18 noyabr kuni yetakchilar mamlakat fuqarolik yadro energetikasi bo‘yicha muzokaralar yakunlanishi haqida qo‘shma deklaratsiya ham imzoladi. Oq uyga ko‘ra, bu hujjat uzoq muddatli yadro sherikligi uchun huquqiy asos yaratadi. Bin Salmon AQSHning yadro texnologiyalariga yo‘l ochuvchi bitimga intilib, mamlakatni BAA va an’anaviy raqibi Eron darajasiga ko‘tarishni maqsad qilgan. Ammo bunday yadroviy kelishuvga erishish qiyin kechmoqda, chunki Saudiya uranni boyitish yoki sarflangan yoqilg‘ini qayta ishlashni taqiqlaydigan AQSH talabi bilan rozi emas. Bu ikki yo‘nalish ham yadroviy qurol yaratish imkoniyatini ochib berishi mumkin.

G‘azo va Isroil masalasi

Tramp, shuningdek, bin Salmonga “o‘tgan oy amalga oshirilgan tinchlik kelishuvida tutgan roli va G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan ko‘plab ishlar uchun” minnatdorlik bildirdi.

“G‘azo, garchi tartibsiz ko‘rinishi mumkin – u ko‘p yillar, hatto o‘nlab yillar davomida shunday edi – lekin u juda yaqinda mukammal holatga keladi. Hatto tanqid qilishga o‘rganib qolgan ekspertlar ham bu mintaqada sodir bo‘layotgan narsalarni mo‘’jiza deb atayapti”, dedi Tramp.

Tramp Saudiyaning Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish istiqbollariga “ijobiy munosabat” bildirganini aytdi. Biroq valiahd Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishni xohlashini aytgan bo‘lsa-da, Isroil falastinliklar uchun davlat tuzishga olib boradigan yo‘lni taqdim qilishi shartligini yana bir bor ta’kidladi, Isroil bu talabni rad etib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Saudiya Arabistoni Tramp Isroil Oq uy G'azo Muhammad bin Salmon Ol Saud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing