Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi
3-sahifa
−
01 aprel 3188 1 daqiqa
Samarqandda chegara orqali O‘zbekistonga Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Jartepa” chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi Mercedes Benz rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
Tekshiruv jarayonida transport vositasining yukxona qismida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, shuningdek, tegishli ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan, qiymati taxminan 6 million so‘mlik 1 dona Starlink qurilmasi borligi aniqlangan. Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra, mazkur orbital sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasini respublika hududiga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kirish va ishlatish mumkin emasligi yana bir bor tasdiqlangan.
Ayni paytda ushbu holat bo‘yicha fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yashirib olib o‘tilishi reja qilingan 700 mln so‘mlik tilla aniqlangandi.
Live
Barchasi