Samarqandda uyida qariyb 4 kg narkotik saqlagan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
09 aprel 2387 2 daqiqa
Samarqand viloyatida ikkita holatda narkotik savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ishtixon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotga asosan tumanning Mitan shaharchasi hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qo‘shrabot tumanida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahrida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan sherigi bilan oldindan til biriktirgan holda og‘irligi 80 gr bo‘lgan “spays” giyohvandlik vositasini shartli xaridorga 2 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. 1996 yilda tug‘ilgan ushbu shaxs boshqaruvidagi avtomashina ko‘zdan kechirilganda transport vositasidan og‘irligi 30 gr bo‘lgan “spays” giyohvandlik moddasini saqlab kelayotgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda esa muqaddam Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan sudlangan 1973 yilda tug‘ilgan shaxs yashash xonadonida kelgusida sotish maqsadini ko‘zlagan holda giyohvandlik vositalarini saqlab kelayotgani aniqlangan. Tadbir davomida 1 kg 125 gr og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik moddasi, 703 gr og‘irlikdagi “marixuana” giyohvandlik moddasi, 30 gr og‘irlikdagi ko‘knori giyohvandlik moddasi va 2 kilogrammga yaqin giyohvandlik o‘simliklari urug‘lari hujjatlashtirib olingan.
Bundan tashqari ikki dona idishda eritilib tayyorlangan “gashish” moddasi hamda giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish uchun maxsus ishlov berilgan jihozlar ham aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Aniqlangan mazkur holatlar yuzasidan Ishtixon tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda 210 dona afg‘on qozonining ichiga qariyb 191 kg “gashish”ni yashirganlar qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi