Sulh buzildi: Isroil Bayrutga keng ko‘lamli zarbalar berdi

Olam

image

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh kuchga kirganidan beri ilk bor Isroil harbiy-havo kuchlari Bayrut chekkasiga aviazarba berdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Kecha, 6 may kuni Binyamin Netanyaxu va Isroil Mudofaa vaziri Israel Katsning ma’lum qilishicha, hujumning asosiy nishoni “Radvan” elit bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan.

Ularning aytishicha, ushbu bo‘linma jangchilari Isroil hududlarini o‘qqa tutish va Isroil harbiylariga hujumlar uyushtirish uchun mas’ul bo‘lgan.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida “Radvan” qo‘mondoni Malik Balut, uning o‘rinbosari va yana bir necha jangchi halok bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Isroil maxsus xizmatlari aniq razvedka ma’lumotlarini olganidan keyin hujum amalga oshirilgan. Balut Bayrutning Dahiya tumanidagi kvartiralardan birida yashiringani aytilmoqda. Operatsiya davomida taxminan o‘nta og‘ir aviabomba tashlangan.

Shuningdek, AQSH hujum haqida oldindan xabardor qilingani va bunga rozilik bergani aytilmoqda. Mojaro yana keskinlashishi mumkinligi sababli Isroil shimolida yuqori jangovar tayyorgarlik holati e’lon qilingan.

Livandagi sulh rejimi 17 aprel kuni kuchga kirgan edi. Uni AQSH Prezidenti Donald Tramp hamda Netanyaxu bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin e’lon qilgan.

Shundan so‘ng Tramp Livan va Isroil yetakchilarini Oq uyga uchrashuvga taklif qilgan edi. Ammo keyinchalik Isroil “Hizbulloh”ga qarshi harbiy operatsiya tugamaganini bildirgan.

Mojaro mart oyida, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin yanada keskinlashgan. “Hizbulloh” AQSH-Isroil aviatsiya hujumlari oqibatida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng, Isroilga raketa hujumlarini qayta boshlagan.

Bunga javoban Isroil aviatsiyasi Bayrut va uning atrofidagi hududlar, shuningdek Livan sharqidagi nishonlarga keng ko‘lamli aviazarbalar bergan.

Jangovar harakatlar Livan janubini ham qamrab olgan. Isroil armiyasi quruqlikdagi operatsiya davomida mamlakat ichkarisiga kirib borgan va chegara hududlarida “Hizbulloh” jangchilari bilan to‘qnashuvlar olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Livanga zarbalar bo‘yicha tavsiya bergandi. Tramp Netanyaxuni Livanga faqat “aniq nishonli” zarbalar berishga chaqirgan. Aks holda, uning fikricha, Isroil “o‘zini yomon ko‘rsatib qo‘yadi”.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Bayrut Radvan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing