Isroil qo‘lga olgan “Sumud” flotiliyasi faollari Gretsiyaga topshirildi
Olam
−
01 may 2236 2 daqiqa
Isroil tomonidan qo‘lga olingan “Global Sumud” flotiliyasidagi gumanitar yordam faollaridan 173 nafari Gretsiyaga topshirildi. Ular bugun, 1 may kuni Krit orolidagi Aterinolakkos portiga olib borilgan. Bu haqda “Türkiye Today” xabar berdi.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi O‘nju Kechelining ma’lum qilishicha, Isroilning xalqaro suvlardagi aralashuvidan so‘ng qo‘lga olingan 20 nafar Turkiya fuqarosi va boshqa ishtirokchilar Krit sohiliga tushirilgan. Ularning bir qismi maxsus reys orqali Turkiyaga qaytarilishi kutilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 29 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisada jami 175 nafar faol qo‘lga olingan. Shulardan 173 nafari Isroil tomonidan Gretsiya rasmiylariga topshirilgan, ikki nafar flot yetakchisi – Sayf Abukeshk va Tiago Aviliya esa hanuz Isroil nazoratida qolmoqda.
Gretsiya OAVlariga ko‘ra, turli davlatlardan bo‘lgan faollar avtobuslarda Iraklion aeroportiga olib borilgan va u yerdan o‘z mamlakatlariga jo‘natilishi rejalashtirilgan.
“Global Sumud” flotiliyasi G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazish maqsadida yo‘lga chiqqan bo‘lib, 39 davlatdan 345 nafar ishtirokchini o‘z ichiga olgan. Flot 29 aprel kuni G‘azodan taxminan 600 dengiz mili uzoqlikda, Gretsiya hududiy suvlariga yaqin xalqaro suvlarda Isroil tomonidan to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azoga gumanitar yordam yetkazish uchun yo‘lga chiqqan yordam flotiliyasini to‘xtatgandi. Shundan so‘ng, Isroil G‘azoga yordam olib ketayotgan taxminan 40 ta kemadan iborat flotiliyani to‘xtatib, 450 dan ortiq xorijlik faolni, jumladan, shved iqlim himoyachisi Greta Tunbergni ham qo‘lga olganidan so‘ng xalqaro tanqid va noroziliklarga duch kelgan.
Live
Barchasi