Surxondaryoda suv ta’minoti bo‘yicha megaloyiha amalga oshirildi

Jamiyat

image

Bugun, 26 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 287 million dollarlik loyihaning amaliy natijalari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu 287 million dollarlik megaloyiha ham sohada erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.

Mazkur tashabbus doirasida o‘tgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-to‘qqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshishiga erishilgan. Natijada aholining suv ta’minotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilangan.

Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qo‘llab-quvvatlash har jihatdan zarurligini ta’kidlagan. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qo‘llash mumkinligiga e’tibor qaratgan.

Texnik jihatdan loyihaning katta yutug‘i 246 kilometr magistral va ichki tarmoqning barpo etilishi bo‘lgan. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratilgan. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytirdi, balki tizimning barqarorligini ta’minlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti.

Mazkur tashabbus ortidan bugungi kunda 223 ta mahallada obihayot ta’minoti mustahkamlangan. Suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirilgan. Sifatning ortishi aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishida muhim omil hisoblanadi.

“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratgan. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yo‘qotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tug‘ilgan.

Suv ta’minoti yaxshilangani sababli hududlardagi yuzdan ortiq yerosti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmagan. Bu ekologik yukni kamaytiradi.

Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu mablag‘ va resurs jihatidan 18,5 milliard so‘m iqtisod qilinishini anglatadi. Iste’molchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirgan.

Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilgan.

Davlat rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya ko‘rsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishgan. Viloyatda hali yechilmagan suv ta’minoti masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergan. Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo suv ta'minoti To'palang

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing