Tirik ayol o‘ziga 20 ming dollarlik qabr toshi o‘rnatdi
Olam
−
27 fevral 7129 1 daqiqa
Qirg‘izistonning Bishkek shahridagi qabristonlardan birida g‘ayrioddiy holat aniqlandi. Janubi-g‘arbiy qabristonda surat, ism va tug‘ilgan sana yozilgan, ammo vafot sanasi ko‘rsatilmagan qabr toshi o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda kecha, 26 fevral kuni “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu yodgorlik hali hayot bo‘lgan ayol tomonidan o‘rnatilgan. Mazkur holatni Bishkek shahar kengashi deputati Janibek Asanbekov qabristonni tekshirish chog‘ida payqagan.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtlik ayol qabr joyi va yodgorlik uchun qariyb 20 ming dollar to‘lagan. Shahar dafn marosimi uyi vakillari ayol tirik va sog‘-salomat ekanini bildirgan. U muntazam ravishda qabristonga borib, qabr toshini parvarish qiladi va atrofini tozalab turadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar ayolni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning fikricha, bu uning shaxsiy qarori bo‘lib, oldindan hamma narsani rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Ba’zilar ayol yolg‘iz bo‘lishi yoki yaqinlari yonidan joy tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahrida dafn marosimlari uchun joy tanlash va bron qilish imkonini beruvchi yangi raqamli xizmat – Orynai ishga tushirilgandi.