Fitna qilishga uringan guruh shakllangandi – Japarov fevral voqealari haqida
Olam
−
27 aprel 8359 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda joriy yilning fevralidagi siyosiy voqealar va “muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga urinish” ortida kim turgani bo‘yicha savollarga javob berdi. Bu haqda u “Kaktus” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Japarovning ma’lum qilishicha, tizim ichida bo‘layotgan hodisalar haqida turli manbalardan turli ma’lumotlar olib turadi.
“Mamlakatda “75 kishining murojaati” deb atalgan harakatlar boshlanganda, bu haqda ma’lumot menda allaqachon bor edi. Men bu murojaatning Jogorku Keneshga kelib tushishini, uning Spikergacha va tegishli qo‘mitalar raislarigacha bo‘lgan harakatini kuzatib borganman”, deydi Japarov.
Uning aytishicha, shu davrda hujjatning qanday yurayotgani, jarayonga aloqador shaxslarning harakatlari, kim kim bilan uchrashayotgani haqida ma’lumot olib turgan.
“Mazkur masala parlamentning yalpi majlisiga olib chiqilishi arafasida men tez va qat’iy choralar ko‘rdim. Vaziyat boshidan nazorat ostida bo‘lgan”, deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ishda Davlat xavfsizlik milliy qo‘mitasi xodimlari ham ishtirok etgan. Japarov mazkur maxsus xizmat harakatlaridan xabardor bo‘lgan.
“Prezident va bosh qo‘mondon sifatida men kuch tuzilmalari rahbarlarining harakatlaridan xabardorman. Ya’ni, kim nima qilyapti va qayerdaligini umumiy tarzda bilaman. Albatta, hamma narsa 100 foiz mening nazoratimda deya olmayman, men bilmagan holatlar ham bo‘lishi mumkin”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
Shuningdek, u bir nechta deputat aynan shu voqealar sabab mandatlarini topshirgani haqidagi savolga ham izoh bergan.
“Deputatlarning mandat topshirishiga kelsak, Jogorku Keneshda siyosiy fitna qilishga uringan ma’lum bir guruh shakllangan edi. Ularning rejalari amalga oshmagach, jarayonga aloqador ayrim deputatlar o‘z ayblarini anglagan bo‘lishi mumkin va shu sababli mandatlarini topshirgan. Yakuniy xulosalar tergov tugagandan keyin chiqariladi. Umuman olganda, deputatlarni siyosiy o‘yinlardan uzoq turishga, xalq manfaatiga xizmat qiladigan qonun ijodkorligi va qonunlar ijrosini nazorat qilishga chaqiraman”, deydi Japarov.
Japarov do‘sti Qamchibek Tashiyevning bu ishga aloqadorligi bor yoki yo‘qligi haqida ham aytib o‘tib, hozir tergov davom etayotganini ta’kidlagan.
“Uning aloqadorligi bor yoki yo‘qligini tergov va sud belgilaydi. Hozir tergov yakunlanmagan. Tergov tugagach, ish sudga oshiriladi. Kim aybdor yoki aybsiz ekanini faqat sud hal qiladi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev Ichki ishlar vazirligining Bosh tergov boshqarmasida ikkita jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingandi. Taxminan besh soat davom etgan so‘roqdan so‘ng Qamchibek Tashiyevdan tergov harakatlarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida tilxat olingan.
Live
Barchasi