Tishlar inson evolyutsiyasidagi yashirin haqiqatni ochdi
Bu qiziq
−
15 iyun 7880 2 daqiqa
Olimlar qadimgi inson ajdodi hisoblangan Homo erectus tishlarini o‘rganish orqali ularning boshqa qadimgi inson turlari bilan aralashib ketgan bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Associated Press”da e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy hududidan topilgan va taxminan 400 ming yil avval yashagan Homo erectus’da tish emali oqsillariga tegishli genetik izlar aniqlangan. Bu tishlar besh erkak va bir ayolga tegishli bo‘lib, ular bir nechta turli hududlardan topilgan.
Olimlar aniqlagan birinchi genetik mutatsiya ilgari hech qachon qayd etilmagan bo‘lib, ehtimol Sharqiy Osiyoda yashagan Homo erectus guruhiga xos noyob belgidir. Bu topilma o‘sha davrda inson turlari orasida geografik farqlar bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ikkinchi mutatsiya esa yanada qiziqroq natija bergan. U zamonaviy insonlarning juda kam qismida uchraydi, shuningdek, yo‘qolib ketgan Denisova insonlarida (Denisovans) ham aniqlangan. Bu esa qadimgi inson turlari bir-biri bilan gen almashgan bo‘lishi mumkinligini bildiradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Homo erectus Denisovalar bilan chatishtirish (aralashib ko‘payish) jarayonida genlarni ularga o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Keyinchalik esa Denisovalar va zamonaviy inson ajdodlari o‘zaro aralashganda, bu genlar hozirgi insonlargacha yetib kelgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Smitsonian Milliy tabiiy tarix muzeyi olimi, tadqiqotda ishtirok etmagan paleoantropolog Rayan Makrey bu kashfiyotni “inson kimligi va kelib chiqishini tushunishda juda qiziqarli yangi yondashuv” deb baholagan. Uning aytishicha, hali ham aniq munosabatlar to‘liq oydinlashmagan, ehtimol Homo erectus Denisovalarning bevosita ajdodi bo‘lishi ham mumkin.
Olimlar bu masala juda murakkab ekanini, chunki qadimgi DNK juda kam saqlanib qolganini aytmoqda. Shu sababli inson evolyutsiyasi tarixini aniq tiklash uchun yana ko‘plab qazilma topilmalar va genetik namunalar zarur. Tadqiqot mualliflari esa Homo erectus haqida ko‘proq DNK yoki suyak qoldiqlari topilsa, inson turlarining o‘zaro aloqalari yanada aniqroq ochilib berilishini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Xitoyda Homo juluensis deb nomlangan qadimiy odamning yangi turini kashf etgandi. Ushbu tur taxminan 200 ming yil avval yo‘qolib ketgan.
Live
Barchasi