Yer aylanishi “misli ko‘rilmagan darajada” sekinlashdi – tadqiqot

Bu qiziq

image

Iqlim o‘zgarishi oqibatida qutb muzliklarining erishi sababli Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi sekinlashmoqda. Bu kun davomiyligini har asrda 1,33 millisoniyaga uzaytirmoqda, bu esa so‘nggi 3,6 million yil ichidagi “misli ko‘rilmagan” ko‘rsatkichdir. Bu haqda Vena universiteti va Syurix texnologiya instituti olimlari olib borgan tadqiqotga tayanib, BBC Science Focus xabar berdi.

“Yerning aylanish energiyasidagi o‘zgarish magnitudasi 9,0 ball bo‘lgan zilzilaga tengdir”, deydi tadqiqotning bosh muallifi Mustafo Kiani Shahvandi.

Tadqiqot hammuallifi Benedikt Soyaning aniqlik kiritishicha, buning uchun taxminan 1000 gigatonna massaning qayta taqsimlanishi talab etiladi, bu Nyu-York tepasida bo‘yi 10 kilometrlik muz kubi paydo bo‘lishi bilan barobardir. 

“Insonning Yer tizimiga ko‘rsatayotgan ta’siri shu qadar chuqurlashdiki, biz endi Yer aylanishining asl tabiatini o‘zgartirmoqdamiz”, deydi Benedikt Soya.

Global isishning sayyora aylanishiga ko‘rsatayotgan oqibatlarini olimlar “omillarning ideal tarzda mos kelishi” deb atagan: nozik muz qatlamlari va karbonat angidrid (CO₂) gazining tabiiy ravishda ko‘payishi bundan qariyb 2 million yil avval ham keng ko‘lamli muz erishiga sabab bo‘lgan. Biroq insoniyat faoliyati atigi bir asr ichida o‘sha davrdagi tabiiy kuch bilan tenglashib olgan. Prognozlarga ko‘ra, asr yakuniga borib iqlim o‘zgarishi sutka uzayishining bosh omiliga aylanadi va bu borada Oyning gravitatsion ta’sirini ham ortda qoldiradi. Bunday o‘zgarishlar GPS tizimlarining o‘ta aniqlikdagi sinxronizatsiyasi uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. 

Avvalgi tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, muzliklarning erishi allaqachon sayyora shaklini o‘zgartirib, uni qutblardan yanada yassiroq holatga keltirgan va asosiy massani qutblardan ekvatorga tomon surgan. Shu bilan birga, 2024 yildayoq olimlar ushbu jarayon asr oxiriga borib kun davomiyligining 2,62 millisoniyaga uzayishiga olib kelishini aniqlashgan. Jahon meteorologiya tashkilotining yaqinda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Yerning energetik disbalansi (muvozanatsizligi) kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori rekord darajaga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim Er tadqiqot gravitatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing