Tog‘da qolib ketgan meteorologiya xodimi vertolyotda evakuatsiya qilindi (video)
Jamiyat
−
06 yanvar 5506 1 daqiqa
Ugam-Chotqol tog‘ tizmasida qolib ketgan meteorologik stansiya xodimi harbiylar ko‘magida vertolyotda muvaffaqiyatli evakuatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 5 yanvar kuni O‘zgidromet rahbariyati tomonidan Mudofaa vazirligiga Ugam-Chotqol tog‘ tizmasining borish qiyin bo‘lgan, murakkab relefga ega hududida joylashgan “Oygaing” yuqori tog‘li meteorologik kuzatuv stansiyasida xizmat olib borayotgan xodimi og‘ir ahvolda qolganini ma’lum qilib, uni Harbiy havo kuchlari yordamida evakuatsiya qilish zarur ekanligi bildirilgan.
Vazirlikka ko‘ra, shundan so‘ng Harbiy-havo kuchlarining navbatchi qidiruv-qutqaruv vertolyoti yordamida tungi vaqtda qutqaruv tadbirlari amalga oshirilib, xodim tezkorlik bilan Chirchiq shahridagi tibbiyot muassasasiga yetkazilgan va shifokorlar tomonidan unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi tog‘ga sayrga chiqqan o‘zbekistonlik yigit daradan yiqilib, halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi