Norvegiya Rossiya tahdidi fonida evakuatsiya rejasini tayyorlamoqda

Olam

image

Norvegiya hukumati Rossiya tomonidan ehtimoliy hujum yuz bergan taqdirda tinch aholini evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Norvegiya Fuqaro muhofazasi boshqarmasi rahbari Elizabet Orseter VG nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bu ishlar Qurolli kuchlar va politsiya bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Hozirda zaif bo‘lgan hududlar baholanmoqda.

“Bular Rossiyaga geografik jihatdan yaqin joylashgan hududlar, shuningdek, harbiy ob’ektlar joylashgan joylardir”, deydi Orseter.

Allaqachon Norvegiyaning shimolidagi Finnmark viloyatida harbiy evakuatsiyani rejalashtirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilgan. Shuningdek, Tromse va Ser-Varanger munitsipalitetlari rahbariyati ham bunday choralar zarurligini bildirgan. Rejani ishlab chiqishda Norvegiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tajribasidan kelib chiqmoqda. Xususan, agressor tomonidan energetika infratuzilmasiga zarbalar berish ehtimoli yuqori ekanligi inobatga olinmoqda.

“Rossiya Ukrainada tinch ob’ektlarga ham hujum qilayotganini hisobga olib, Norvegiyada qaysi nishonlar zarba ostida qolishi mumkinligini kengroq baholashni zarur deb bilamiz”, deydi Orseter.

Bundan tashqari, Norvegiya rasmiylari Rossiyaning bosib olingan hududlarda xalqaro gumanitar huquq normalarini mensimasligini ham aytmoqda.

“Rossiyaning okkupatsiya qilingan hududlarda tinch aholiga nisbatan ko‘rsatayotgan shafqatsizligi nihoyatda yuqori. Biz birorta ham norvegiyalik okkupatsiya chizig‘ining narigi tomonida qolib ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, deydi Bardu shahri meri Toralf Xeymdal.

Shuningdek, Fuqaro muhofazasi boshqarmasi qaysi munitsipalitetlar ko‘chirilgan aholini qabul qilish hududlariga aylanishi mumkinligini aniqlashtirmoqda. Bu jarayonda sog‘liqni saqlash, uy-joy va ta’lim imkoniyatlari baholanmoqda. Evakuatsiya rejalarini ishlab chiqish va yangilash 2026 yilda hukumatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Ser-Varanger meri Magnus Melandning aytishicha, hozirda “tayyorgarlik choralariga ehtiyoj nihoyatda katta” va bu haqda butun Norvegiya o‘ylashi lozim, chunki “dunyodagi xavfsizlik vaziyati tubdan o‘zgargan”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Estoniya mamlakatning janubi-sharqida Rossiya bilan chegara bo‘ylab ilk beton bunkerlarni o‘rnatishni boshlagani haqida xabar berilgan edi. Yil oxirigacha rasmiylar jami 28 ta bunker joylashtirishni rejalashtirmoqda. Ushbu inshootlar Yevropa Ittifoqi va NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash maqsadida yaratilayotgan 600 ta boshpanadan iborat tarmoqning birinchi liniyasini tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya evakuatsiya Norvegiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing