Toshkent va Surxondaryoda advokatlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
09 Oktabr 4867 2 daqiqa
Toshkent shahrida va Surxondaryo viloyatida mijozlardan 3700 AQSH dollari va 60 mln so‘m olgan advokatlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan Yashnobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 211- (Pora berish) moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida unga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasini o‘zgartirib berganini aytib va ishni sud organlarida ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal etib, unga yengillik qilib berish evaziga 3700 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Denov tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati noqonuniy ravishda fuqarodan 60 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, advokat o‘zining sud tizimidagi tanishlari orqali JIB Denov tuman sudida ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan yengil turdagi jazo tayinlanishida yordam berishni va’da qilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod shahrida prokuratura organi xodimlari 25 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi. Ular oldinroq ham 108 ming dollar olgani aniqlangandi.
Live
Barchasi