Toshkentda narkotik tarqatib yurgan erkak ushlandi (video)
3-sahifa
−
22 yanvar 3332 2 daqiqa
Toshkent shahrining Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatib yurgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaroning yonidan qadoqlangan turli xildagi giyohvandlik vositalari topilgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchining Toshkent viloyatidagi yashash manzili xodimlar bilan ko‘zdan kechirilganda, turli xildagi 2 kg 200 gr, 66 ming 700 dona dozaga teng bo‘lgan giyohvandlik vositalari topilib, daliliy ashyo sifatida olingan.
Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakillari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida gumonlanuvchining Jizzax viloyatidagi xonadonida ham giyohvandlik moddalari saqlanayotganligi aniqlangan. Shundan so‘ng qo‘lga olingan shaxsning Jizzax viloyatidagi xonadonidan yerga ko‘milib, keyinchalik tarqatilishi kerak bo‘lgan 800 gr sintetik giyohvandlik vositalari topilib, daliliy ashyo sifatida olingan.
“Odamlarni zaharlagan ekanman. Bu yomon narsa ekanini bilar edim, lekin pulga qiziqibman. Ekib ketsam, pulimni tezroq olaman deb o‘ylagan ekanman. Prezidentimizdan, davlatimizdan, xalqimdan kechirim so‘rayman”, deya yig‘lab murojaat qilgan gumonlanuvchi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga ko‘ra, sud hukmi bilan gumonlanuvchiga nisbatan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada mashina bakiga narkotik yashirganlar ushlangan edi.
Live
Barchasi