Toshkentda “kurer” MCHJ yerto‘lasidan 50 ming dollar o‘g‘irladi (video)
3-sahifa
−
08 aprel 10802 2 daqiqa
Toshkent shahrida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat yerto‘lasidan ichida 50 ming dollar bo‘lgan seyfni o‘g‘irlagan “kurer” va uning sheriklari ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumani 2-mavzesida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatdan noma’lum shaxs ichida 50 ming AQSH dollar puli bo‘lgan seyfni o‘g‘irlab ketgan. Ichki ishlar organlariga kelib tushgan xabar asosida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan jinoyatda gumonlanganlarni aniqlash maqsadida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada mazkur jinoyat tashkilotchisi sifatida gumonlanayotgan 1988 yilda tug‘ilgan B. , 2000 yilda tug‘ilgan Sh. va mazkur mas’uliyat cheklangan jamiyatda haydovchi lavozimida ishlovchi A. qo‘lga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat sodir etilishi va pullarning o‘g‘irlanishida mazkur mas’uliyat cheklangan jamiyatida haydovchi bo‘lib ishlovchi A. yordamlashgan, ya’ni ofisga pullarni o‘g‘irlashga kelgan Sh. ga samakat, buyurtma yetkazuvchilar sumkasi va shlem kaskasini bergan. U esa tunda Yunusobod tumanida joylashgan ofisga borib, yerto‘ladagi ichida 50 ming AQSH dollar puli bo‘lgan seyfni olib, voqea joyidan yashiringan.
“Ahmoqlik qildikda, kalta fahmlik qildik. Oqibatini o‘ylamadik. Umuman qaytib bu yo‘lga hattoki yuzimni ham burmayman, men va’da beraman, qasam ichaman. Qattiq adashdim. Faqat bir marta imkoniyat beringlar, iltimos”, deydi gumonlanuvchilardan biri.
Yana bir gumonlanuvchi esa oilasi, farzandlarining oldida uyatga qolganini aytmoqda.
“Uyatga qoldim. Oilam, farzandlarimning oldida uyatga qoldim. Hurmatli Prezidentimizdan kechirim so‘rayman. Xalqdan, oilamdan, farzandlarimdan uzr so‘rayman”, deydi u.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani Ichki ishlar organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur moddaga ko‘ra, sud hukmi bilan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida APK fayllar tarqatib, odamlarning 2 mlrd pulini o‘margan shaxs ushlangan edi.
Live
Barchasi