Toshkentda yangi uylar va ijara narxi oshdi
Jamiyat
−
22 Oktabr 7010 2 daqiqa
2025 yilning sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra ko‘chmas mulk bozorida yillik dinamika barqaror o‘sishni saqlab turibdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
Respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi, o‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan bitimlar soni 13,7 foizga oshdi.
Eng yuqori yillik o‘sish Sirdaryo viloyatida (+35,6 foiz), Buxoro viloyatida (+20,2 foiz) va Toshkent shahrida (+31,2 foiz) qayd etildi.
2025 yilning uchinchi choragida O‘zbekiston bo‘ylab jami 75,5 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foizga va joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 11 foizga ko‘pdir.
Eng katta o‘sishi Buxoro viloyati (+27,3 foiz), Sirdaryo viloyati (+24,9 foiz) va Toshkent shahrida (+19,9 foiz) kuzatildi.
Ikkilamchi va birlamchi bozorlar
Respublika miqyosida sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar 0,6 foizga oshgan. Yillik hisobda, o‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kv.m uchun o‘rtacha narx 4,6 foizga oshgan.
Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo (+19 foiz), Sirdaryo (+15,8 foiz) va Jizzax (+14,5 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida sentyabr oyida narxlar 0,6 foizga oshgan, biroq 2024 yilning sentyabr oyiga nisbatan 1,7 foizga pasaygan.
Ikkilamchi uy-joy bozorida eng katta pasayish Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi. O‘rtacha hisobda pasayish 4,3 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, birlamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozorida narxlarning 3 foizga oshgani qayd etildi. Birlamchi uy-joy bozorida eng yuqori narx oshishi Mirobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. O‘rtacha hisobda o‘sish 5,8 foizni tashkil etdi.
Ijara bozori
Sentyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxi bir kv.m uchun o‘rtacha 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi.
O‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan poytaxtdagi ijara narxlari 1,4 foizga oshgan. Eng katta o‘sish Yunusobod, Olmazor va Mirobod tumanlarida qayd etildi va o‘rtacha 4,4 foizni tashkil etdi.
Live
Barchasi