Toshkentda “zakladchik” qoradori bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
06 yanvar 3730 1 daqiqa
Toshkent shahar Mirobod tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan yonida 22 dona giyohvandlik vositalarini saqlagan Labo haydovchisi qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tungi soat 3:30 larda Mirobod tumanidagi ko‘chalardan birida to‘xtab turgan Labo rusumli transport vositasi shu hududda xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimlarida shubha uyg‘otgan. Transport boshqaruvida bo‘lgan fuqaro xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yonida 22 dona sariq izolentaga o‘ralgan giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro so‘roq qilinganda yana qo‘shimcha ikki dona yerda ko‘milgan “Mifidron” borligi ma’lum bo‘lgan. U ushbu sintetik giyohvandlik moddalarini Yangiyo‘l tumanidan olganini aytgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 2017 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelayotgan, 4000 nafar faol obunachisi bo‘lgan “Deadpool” nomli Markaziy Osiyodagi yirik Telegram narkodo‘konining yirik tarqatuvchilari qo‘lga olingan yedi.
Live
Barchasi