Toyota odamsimon robot basketbolchini namoyish etdi (video)
Texnologiya
−
13 aprel 3252 2 daqiqa
Kecha, 12 aprel kuni Toyota Motor kompaniyasi basketbolchi robotning yangi avlodi – CUE7 ni taqdim etdi. Bu model oxirgi uch yil ichida ilk bor jamoatchilikka ko‘rsatildi. Bu haqda “Nikkei Asia” xabar berdi.
Bo‘yi 219 sm bo‘lgan robot harakatlanish uchun ikki g‘ildirakli platforma hamda basketbol to‘pini ushlab turish va aniq yo‘naltirish imkonini beruvchi qisqichli manipulyatorlar bilan jihozlangan. Ommaviy namoyish Tokiodagi basketbol o‘yini vaqtida bo‘lib o‘tgan va unda CUE7 to‘pni savatga muvaffaqiyatli tashlagan.
Yangi modelning asosiy texnologik farqi – mustahkamlovchi ta’lim (reinforcement learning) usullarining qo‘llanilishidir: robot to‘p otish texnikasi va u bilan ishlashni sun’iy intellekt (SI) algoritmlari asosida o‘zlashtirgan. Avvalgi avlodlarda asosan prognozli boshqaruvga asoslangan dasturiy modellardan foydalanilgan.
Muhandislar qurilmaning konstruksiyasini ham tubdan qayta ishlab chiqqan: to‘rt g‘ildirakli yuritmadan voz kechilib, ikki g‘ildirakli platformaga o‘tilishi harakatchanlikni oshirgan, bo‘g‘inlar sonining optimallashtirilishi esa vaznni taxminan 40 foizga – 74 kilogrammgacha kamaytirish imkonini bergan. Toyota bayonotiga ko‘ra, CUE7 amalda zamonaviy SI yondashuvlariga urg‘u berilgan holda qaytadan loyihalangan.
Robot lidar va bir qator sensorlar, shuningdek, bosh qismidagi stereoskopik kamera bilan jihozlangan. Robot Toyota’ning poyga avtomobillari ishlanmalaridan olingan batareyalar yordamida ishlaydi.
Ma’lumot uchun, CUE loyihasi 2017 yildan beri rivojlantirilmoqda. CUE3 modeli 2019 yilda ketma-ket to‘p tushirish bo‘yicha rekord o‘rnatgan (2020 ta gol), CUE6 esa 2024 yilda eng uzoq masofadan aniq to‘p otish bo‘yicha rekord o‘rnatgan (24,55 metr).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2028 yilga borib sun’iy intellektga asoslangan xavfsizlik politsiya robotlari jinoyatchilikka qarshi kurashda faol ishtirok etishni boshlashi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi