Yangiyo‘lda Toyota va Damas haydovchilari yo‘l talashib, janjallashdi (video)
3-sahifa
−
05 dekabr 7800 2 daqiqa
Kecha, 4 dekabr kuri ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani hududida Toyota va Damas haydovchilari o‘rtasidagi janjal holati aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat shu kunning o‘zida tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan nazoratga olinib, qonuniy tartibda o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, voqea Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani hududidan o‘tgan M-34 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Damas va Toyota avtomashinasi haydovchilari harakat vaqtida o‘zaro yo‘l talashib janjallashgan. Jarayonda Damas avtomashinasi haydovchisi dastlab o‘zining mashinasida bo‘lgan balon klyuchi bilan Toyota avtomashinasining oynasiga hamda salondagi yo‘lovchining bosh qismiga urib tan jarohati yetkazgan.
“Toshkentdan Yangi yo‘lga ketayotgandim. Oldimda o‘zimning o‘rtog‘im bor edi. Shu Toyota rusumli avtomobil yo‘l berishini so‘radim. O‘sha joyda urishib ketdik. Temir klyuch olib, ularning oynasini urdim. Keyin ular o‘sha klyuch bilan meni yon oynalarini urib, ikkalamizdan ham qattiq so‘zlar chiqib ketdi, yomon so‘zlar. O‘zimizni ushlay olmadik”, deydi Damas haydovchisi.
Janjalning davomi esa aynan Damas egalari tarafidan videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
“Ukam bilan Toyota avtomobilida harakatlanib kelayotgandik. “Chamonzor” MFYga yetib kelganimizda “peshexod”dan odam o‘tayotganini ko‘rib, o‘tkazib yuborishni maqsadida sekinlashdik. Shunda orqamizdan harakatlanib kelayotgan Damas haydovchisi oldimizga kelib, har xil qator haqoratli gaplar bilan siqib to‘xtatdi. Birdaniga agressiya bilan urishib ketib qoldim”, deydi Toyota haydovchisi.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, har ikki tomon ham sodir etgan harakatlari yuzasidan tergovga jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 23 yoshli fuqaro va 4 kishi yo‘l talashishi oqibatida janjal sodir bo‘lgandi.
Live
Barchasi