Tramp 2 kurkani afv etdi. AQSHda Shukronalik kuni qanday o‘tadi?

Bu qiziq

image

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi eng muhim va qadimiy bayramlardan biri – Shukronalik kuni (Thanksgiving Day) har yili noyabr oyining to‘rtinchi payshanbasida nishonlanadi. Bu kun asrlar davomida oilaviy qadriyatlar, mehr, birdamlik va mo‘l-ko‘lchilik timsoli sifatida qadrlanadi.

Shukronalik bayramining tarixi XVII asrga borib taqaladi. 1621 yilda Shimoliy Amerikaga ko‘chib kelgan yevropalik “pilorimlar” mahalliy aholi – hindular bilan birga hosil yig‘imi sharafiga umumiy ziyofat uyushtirgan.

Bu dasturxon o‘sha davrda Yaratganga shukrona qilish, tabiat barakasi uchun minnatdorlik bildirish va do‘stlik ramzi sifatida nishonlangan. Aynan shu an’ana keyinchalik Amerika tarixiga chuqur singib, bugungi zamonaviy Shukronalik bayramining asosiga aylangan.

1941 yilda AQSH Kongressi “Thanksgiving”ni rasmiy milliy bayram sifatida e’lon qildi. Shu kundan boshlab har yili mamlakatda eng qiziqarli va o‘ziga xos marosimlar o‘tkaziladi.

Bayram kuni, “National Thanksgiving Turkey Pardon” deb ataladigan marosimda Prezident ikki kurkani afv etadi. Afv etilgan kurkalar maxsus fermalarda rohat-farog‘atda umr o‘tkazadi. Qolgan kurkalar bo‘lsa, bayram dasturxoning tansiq taomiga aylanadi.

Shukronalik kuni butun Amerika bo‘ylab ko‘tarinki ruhda o‘tadi. Bu kunda oilalar bir dasturxon atrofida jamlanib, uzoqdan kelgan qarindoshlar bilan uchrashadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili 45–50 million amerikalik aynan shu kunlarda yaqinlarini ko‘rish uchun safarga chiqadi.

Shukronalik kunida diniy marosimlar va shukronalik ibodatlari amalga oshiriladi, yetim, miskin va nochor odamlarga taomlar va turli had’yalar ulashiladi. 

Shu kuni yana dunyoga mashhur New York Macy’s Shukronalik paradi bo‘lib o‘tadi. Ulkan havo sharlari, rangli ko‘ngilochar mashinalar, musiqa va shoular bilan bezatilgan paradni millionlab odam tomosha qiladi. 

Donald Tramp prezidentlik yillarida Shukronalik marosimlariga o‘ziga xos, ba’zan hazilomuz, ba’zan esa dabdabali tarzda yondashgani bilan tanilgan. U Oq Uyda o‘tkaziladigan kurka afvi marosimida kulgili nutqlar, noodatiy chiqishlar va siyosiy hazillar qilishni xush ko‘radi.

Shuningdek, u o‘zi afv etgan kurkalarning ismlarini eslab qolgani bilan faxrlanadi. Bu yil 25 noyabr kuni Prezident Gobbl va Uaddl ismli kurkalarni afv etdi.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Shukronalik kuni Thanksgiving Day kurka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing