Tramp 37-marta Eron bilan “tez orada” kelishuv tuzilishini e’lon qildi
Olam
−
09 iyun 1334 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 28 fevralda urush boshlanganidan beri 37-marta Eron bilan urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimga “ikki-uch kun ichida” erishilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Islom Respublikasi va Isroil o‘rtasidagi yaqinda sodir bo‘lgan o‘zaro zarbalarga qaramay, kelishuv yaqin.
“Men tufayli ular to‘xtashga rozi bo‘lishdi. Hozirda biz juda ham yaxshi kelishuvga aylanadigan jarayonning yakuniy bosqichidamiz”, dedi Tramp Nyu-Yorkda jurnalistlarga.
U kelishuv Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lishga yo‘l qo‘ymasligini va “imzolangandan so‘ng darhol ochiladigan” Hormuz bo‘g‘ozining blokdan chiqarilishiga olib kelishini qayd etgan.
CNN hisob-kitoblariga ko‘ra, bu 28 fevralda urush boshlanganidan beri Trampning Eron bilan tez orada bitim tuzilishi yoki Tehron bunga intilayotgani haqida ommaviy ravishda bayonot berishining kamida 37-holatidir. AQSH Prezidenti ilk bor bu haqda 23 mart kuni gapirib, tomonlar “deyarli barcha masalalar bo‘yicha” bir to‘xtamga kelganini ishontirib aytgan. Ertasi kuniyoq Tramp Eron “kelishuv tuzishni juda xohlayotganini”, keyinroq esa Tehron buning uchun “yolvorayotganini” aytdi.
Joriy yilning 7 aprel kuni Amerika yetakchisi sulh haqida e’lon qilib, tomonlar “juda oldinga ilgarilagani” va yakuniy kelishuv uchun atigi “ikki hafta” kerakligini qayd etdi. Ushbu vaqt davomida Tramp “jiddiy kelishmovchiliklar juda kam qolganini”, Eron “hamma narsaga rozi bo‘lganini” va “yaqin bir-ikki kun ichida bitimga ega bo‘lishimizni” ta’kidlab kelgan. Biroq u belgilagan muddatda hech narsa sodir bo‘lmagan.
Shunga qaramay, 30 aprel kuni Tramp yana Eron “kelishuv tuzish ishtiyoqida yonayotganini” aytdi. May oyida u amalga oshmagan prognozlar silsilasini o‘z xatolari bilan emas, balki muzokaralarning muvaffaqiyatsiz rivojlanishi bilan izohladi. Prezident AQSH har safar “kelishuvga juda yaqin ekanligiga” ishonchi komil bo‘lganini, ammo yakunda hech narsa chiqmaganini ta’kidladi. Shunga qaramay, Tramp bu safar (18 may) vaziyat “biroz boshqacha” ekanligiga ishontirdi.
23, 28, 29 may kunlari Tramp xuddi shu tezislarni takrorladi va kelishuv “yaqin vaqt ichida” e’lon qilinishini va’da qildi. 31 may kuni esa tomonlar “kelishuvga juda yaqin” ekanini, ammo Eron va Isroil o‘z to‘qnashuvlari bilan buni xavf ostida qoldirayotganini aytdi.
May oyi oxirida Isroil Livanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi “Hizbulloh” terrorchilik guruhiga qarshi kurashish uchun quruqlikdagi operatsiyasini kengaytirdi. Ushbu fonda Tehron muzokaralardan chiqish bilan tahdid qildi.
Trampning aralashuvidan so‘ng, joriy yilning 3 iyun kuni Oq uy Isroilning Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi. Biroq 7 iyun kuni SAXAL (Isroil mudofaa armiyasi) Daxiyadagi “Hizbulloh” ob’ektiga zarba berdi, natijada ikki kishi halok bo‘ldi va yana 11 kishi jarohatlandi. Shundan so‘ng Eron Isroil shimolidagi bir nechta harbiy nishonlarga raketalar bilan hujum qilib, buni “o‘zini himoya qilish huquqi” bilan izohladi, Isroil esa Islom Respublikasining g‘arbiy va markaziy qismlaridagi harbiy ob’ektlarga javob zarbasini yo‘lladi.
Live
Barchasi