“Tramp chekinmoqda”. Eron AQSH bilan muzokara o‘tkazilganini rad etdi
Olam
−
24 mart 7187 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan muzokaralar bo‘layotgani haqidagi Prezident Donald Trampning bayonotlarini rad etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Uning aytishicha, Eron va AQSH o‘rtasida hech qanday muzokaralar olib borilmayapti. Pezeshkiyon Trampning so‘zlarini energiya narxlarini pasaytirishga urinish va harbiy rejalarni amalga oshirish uchun vaqt yutish maqsadidagi bayonot deb baholagan.
Qolaversa, Pezeshkiyon Eron so‘nggi kunlarda faqat mintaqa davlatlari bilan, xususan Ummon bilan muzokaralar olib borayotganini ta’kidlagan. Bu muloqotlar Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini muvofiqlashtirishga qaratilgan bo‘lib, ochiq tarzda olib borilmoqda.
“Tehron va Vashington o‘rtasida hech qanday yashirin muzokaralar yo‘q”, degan Eron Prezidenti.
Shuningdek, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham muzokaralar bo‘lmaganini va bo‘lmasligini bildirgan. Ularning fikricha, AQSHning bunday bayonotlari psixologik urushning bir qismi bo‘lib, bu sharoitda Hormuz bo‘g‘ozi oldingi holatiga qaytmaydi va energiya bozorlarida barqarorlik yuzaga kelmaydi. Korpus Trampning bayonotini “chekinish” deb baholab, bunga Eronning javob zarbalari haqidagi tahdidlari sabab bo‘layotganini aytgan.
Qayd etish joiz, avvalroq Tramp ikki kunlik juda yaxshi va samarali muzokaralar bo‘lib o‘tganini aytib, Eron energetika ob’ektlariga zarbalarni 5 kunga to‘xtatishni buyurganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni tartibga solish masalasini muhokama qilgan.
22 mart kuni Tramp Eron 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa, mamlakatdagi elektr stansiyalarini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi. Tehron esa bunga javoban AQSHning Yaqin Sharqdagi barcha energetika va axborot infratuzilma ob’ektlariga zarba berishini bildirgan.
Live
Barchasi