Tramp ma’muriyati harbiy byudjetni 1,5 trln dollargacha oshirishni so‘radi
Olam
−
03 aprel 2424 1 daqiqa
Bugun, 3 aprel kuni Oq uy Kongressdan 2027-moliya yili uchun mudofaaga taxminan 1,5 trillion dollar ajratishni so‘rashini ma’lum qildi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Agar ushbu qaror qabul qilinsa, bu mablag‘ zamonaviy tarixdagi eng yuqori harbiy xarajatlar darajasiga aylanadi. Tramp ma’muriyati harbiy byudjetning rekord darajada oshirilishini Qo‘shma Shtatlarning qator mojarolarga, birinchi navbatda Eron bilan bo‘lgan to‘qnashuvga jalb qilingani bilan izohlagan.
Nashrning qayd etishicha, bu summa AQSHning joriy moliya yilida Pentagon uchun sarflagan mablag‘idan 40 foizga ko‘pdir. Ma’muriyat ushbu o‘sishni bir vaqtning o‘zida ichki idoralardagi xarajatlarni 73 milliard dollarga qisqartirish, jumladan, iqlim, uy-joy va ta’lim sohasidagi ba’zi dasturlarni tugatish orqali amalga oshirishni taklif qilgan.
Ta’kidlanishicha, hozircha Oq uy byudjet so‘rovining qisqacha mazmunini e’lon qilgan, batafsil ma’lumotlar esa keyinroq kutilmoqda.
Nashrning yozishicha, agar qonun chiqaruvchilar Prezidentning ushbu rejasini qonun sifatida qabul qilsa, bu takliflar majmui kelgusi o‘n yillikda shundoq ham sezilarli bo‘lgan federal qarzga yana trillionlab dollar qo‘shishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon Oq uydan Eronga qarshi urushni moliyalashtirish uchun Kongressga 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratish so‘rovi bilan murojaat qilishni ma’qullashni so‘ragan edi.
Live
BarchasiO‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi
12 aprel