Pentagon Eronga qo‘shin kiritishga faol tayyorgarlik boshladi
Olam
−
21 mart 11483 2 daqiqa
AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) Amerika quruqlikdagi qo‘shinlarini Eronga yuborish ehtimoliga faol tayyorgarlikni boshladi. Bu haqda muhokamalar jarayonidan xabardor bir nechta manbalarga tayanib, CBS xabar berdi.
Telekanal suhbatdoshlariga ko‘ra, yuqori martabali harbiy mulozimlar allaqachon ushbu ssenariy bo‘yicha aniq so‘rovlar yuborgan, chunki Prezident Donald Tramp Eronga qarshi urushda shu kabi qadamlarni ko‘rib chiqmoqda.
Tayyorgarlik doirasida amerikalik harbiylar, xususan, Eron askarlari va harbiylashtirilgan tuzilmalar jangarilarini qo‘lga olish hamda asirlar qayerga yuborilishini belgilash bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazgan. Rejalashtirish jarayonida Quruqlikdagi qo‘shinlarning tezkor harakat qilish kuchlari va Dengiz piyodalari korpusining ekspeditsion bo‘linmalari ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, Trampning o‘zi 19 mart kuni jurnalistlarning savoliga javob berar ekan, avvaliga Eronda quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish niyati yo‘qligini aytdi, ammo darhol: “Agar men buni qilganimda ham, sizga albatta aytmagan bo‘lardim”, deb qo‘shib qo‘ydi.
Ushbu vaziyat fonida AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda. Ikki nafar amerikalik mulozimning ma’lumotiga ko‘ra, shu hafta boshida Kaliforniyadan uchta harbiy kema va ekspeditsion bo‘linmaning qariyb 2200 nafar dengiz piyodasi yo‘lga chiqqan. Bu urush boshlanganidan beri mintaqaga yuborilgan ikkinchi shunday bo‘linmadir, deb qayd etadi CBS.
“Reuters”ga ko‘ra, Tramp Eronda dengiz piyodalaridan foydalanishning bir necha variantlarini ko‘rib chiqmoqda: Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun Eron qirg‘oqlarida pozitsiyalarni egallash, Xarg orolini (Eron neft eksportining asosiy markazi) qo‘lga olish, shuningdek, yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini qo‘lga kiritish bo‘yicha operatsiya.
Oq uy agentlik bilan suhbatda quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborish bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini, biroq Prezident “barcha variantlarni donolik bilan o‘ylab ko‘rayotganini” ta’kidlagan. Hozirda AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy guruhi tarkibi qariyb 50 ming askarni tashkil etmoqda.
Live
Barchasi