Tramp NATO uchun sarflayotgan mablag‘larini be’manilik deb atadi
Olam
−
13:27 1440 2 daqiqa
AQSH NATOga Rossiyadan himoyalanishda yordam berish uchun “trillionlab dollar” sarmoya kiritdi va bu “biroz be’manilik”. Bu haqda kecha, 12 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
“Bilasizmi, biz NATOga Rossiyadan himoyalanishga yordam berish uchun trillionlab dollar sarfladik! O‘ylab ko‘rsangiz, biz Rossiyadan himoyalanyapmiz. Men anchadan beri buni biroz be’manilik deb hisoblayman”, deydi respublikachi yetakchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning NATO uchun qilayotgan ko‘p millionli xarajatlari “jiddiy tahlil” qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyi boshida Tramp AQSHning NATOdan chiqishi haqida jiddiy o‘ylayotganini aytgan edi, chunki alyans davlatlari Eronga qarshi urushga qo‘shilmadi. Bundan avval u, agar a’zo davlatlar Hormuz bo‘g‘ozini qamaldan chiqarishda AQSHga yordam berishdan bosh tortsa, NATOni “juda yomon kelajak” kutayotganini va’da qilgan edi.
“Politico” nashrining xabar berishicha, joriy yilning 8 aprel kuni NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan yopiq uchrashuvda Tramp alyans a’zolarining Erondagi operatsiyada qatnashishdan bosh tortganidan noroziligini bildirgan va javob choralarini ko‘rayotganiga sha’ma qilgan. Mulozimlardan biri nashrga uchrashuv “ko‘ngilsiz yakunlanganini” aytib, suhbatni “haqoratlar oqimi” deb atagan va Tramp “deyarli har qanday chorani qo‘llash bilan tahdid qilganini” qo‘shimcha qilgan.
“Bloomberg” manbalariga tayanib yozishicha, Yevropa davlatlari Ryuttening Eron bilan urushda AQSHni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotganidan norozi. Nashr suhbatdoshlarining fikricha, bu NATO birligiga putur yetkazadi va AQSH Prezidentida noto‘g‘ri umidlar uyg‘otadi.
Live
Barchasi