“Tramp Netanyaxuning qo‘g‘irchog‘iga aylangan!”
Intervyu
−
01:19 1166 3 daqiqa
Eron Isroilni yo‘q qilish uchun Kim Chen In taklif qilgan raketalarni oladimi? Oliy rahnamosi o‘ldirilgani uchun tarixdagi eng shiddatli hujum bilan javob qaytarishni va qasos olishni va’da qilgan Eron tomoni qanday voqea yuz bersa qasos olindi deb hisoblaydi? Kimdir o‘lishi kerakmi? Mamlakat ehtimoli juda yuqori bo‘lgan urushdan nega o‘z rahbarini himoya qila olmadi? Mudofaa shu qadar kuchsizmidi? Barcha savollarga Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy javob berdi.
4 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida elchi, butun dunyo e’tibori markazida turgan urush haqida fikr bildirib, Trampni Isroil boshqarayotganini aytib, AQSH prezidentini tanqid qildi.
“Yodingizda bo‘lsa kerak. Tramp hukumatga kelish vaqtida “Amerika birinchi” shiorini o‘zining asosiy g‘oyasi sifatida ko‘rsatdi. Lekin hozir Yaqin Sharq mintaqasidagi siyosatini ko‘rib, u uchun ayni paytda Isroil birinchi va Amerika oxirgi o‘rinda deyish mumkin. Ya’ni Netanyahu Trampga o‘zining fikrini o‘tkaza oldi. Dunyoda tinchlik o‘rnataman deb kelgan odam unga o‘t qo‘yyapti. Agar dunyoda Rossiya, Xitoy, Hindiston bo‘lmaganida edi, bugun ular butun dunyoga olov qo‘ygan bo‘lishardi”, dedi Iskandariy.
So‘nggi vaqtlarda AQSH va Isroilning Eronga hujum qilishi tahdidlari orqali deyarli aniq edi. Tabiiyki bunday keskin paytlarda davlatning eng muhim shaxsining xavfsizligini ta’minlash har qachongidan ham dolzarb bo‘ladi. Biroq Xomanaiy o‘ldirildi. Uning qarorgohi portlatildi. Tabiiy savol tug‘uladi. Eron mudofaasi oliy rahnamoni himoya qila olmaydigan darajada zaifmidi? Bu savolga ham javob berildi.
“Bizning oliy rahnamomiz 37 yil bir joyda yashadi. Bu joy juda oddiy, hech qanday murakkab texnik inshootlar yoki qasrlar yo‘q. U oddiy xalq kabi yashardi. Bizning mafkuramizga ko‘ra rahbarlar xalq qiyinchilikda qolganda qochib ketmaydi yoki o‘ziga xavfsiz qasrlar qurib olib, o‘sha yerga kirib berkinmaydi. Inqilobdan oldingi shohlar kabi emas. Qolaversa, bizda shahid bo‘lish yomon narsa emas, balki sharaf hisoblanadi. Agar vaqti kelib shahid bo‘linsa, bu g‘urur bilan qabul qilinadi. U kishi o‘z oilasi davrasida shahid bo‘ldi. Xalqaro konvensiyalarga ko‘ra, davlat rahbarlari daxlsiz bo‘lishi kerak, lekin dushman tomon Amerika va Isroil hech qanday qonunga amal qilmaydi”, dedi Eron rasmiysi.
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In agar Eron xohlasa, o‘z raketalarini berishga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq Eron hech bir davlatdan yordam olmasligi va o‘zini himoya qilishga qodirligi bildirildi.
“Eron xalqi o‘ziga nisbatan qilingan jinoyatlarni hech qachon unutmaydi. Biz — qasos olishni biladigan, ammo buni katta sabr va bosiqlik bilan amalga oshiradigan xalqmiz. Qasosning aynan qanday bo‘lishini, qachon va qaysi shaklda amalga oshirilishini belgilash — bu bizning Oliy rahbarimiz va harbiy qo‘mondonligimizning vakolatidagi masaladir. Bu shunchaki his-tuyg‘u emas, balki aniq harbiy-strategik hisob-kitobdir. Qasosning shakli turlicha bo‘lishi mumkin: u dushman uchun kutilmagan, siyosiy yoki harbiy zarba ko‘rinishida bo‘ladi. Bizning rahbarlarimiz doimo uzoqni ko‘zlagan siyosiy kampaniyalar va strategiyalar asosida harakat qilishadi. Asosiysi — qilingan jinoyat jazosiz qolmasligidir”, dedi Iskandariy.
Eron rasmiysiga ko‘pchilikni qiziqtirgan savol ham berildi. Urush yaqin o‘rtada to‘xtashi mumkinmi? Tomonlarni muzokara stolida ko‘ramizmi?
“Biz urushni istamaymiz. Agar bizga nisbatan tajovuz to‘xtasa, biz ham hujumni yakunlaymiz. Lekin tajovuz to‘xtamas ekan, hech qanday muzokara o‘tkazmaymiz”, deya Eron pozitsiyasi bildirildi.
unday qilib, Yaqin Sharq bugun portlash arafasidagi vulqonni eslatmoqda. Diplomatiya tili o‘rnini raketalar shovqini egallagan bir paytda, savollar hamon ochiqligicha qolmoqda: qasos olovi qachon pasayadi va bu olovda yana kimlar yonadi? Xulosa qilib aytish mumkinki, bir davrning yakuni va noma’lum kelajakning ostonasida turibmiz.
Mazkur jarayondan tayyorlangan reportajni You tube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi