Trampni Eron energetikasiga zarba berishdan kim qaytargani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
13:23 14125 2 daqiqa
Vashingtonning ittifoqchilari va Fors ko‘rfazi mamlakatlari AQSH Prezidenti Donald Trampni Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berishdan qaytargan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ittifoqchilar Trampni agar Vashington tahdidi amalga oshsa, urush halokatga aylanishidan ogohlantirgan. AQSHning Yaqin Sharqdagi sheriklari Eron infratuzilmasiga uzoq muddatli zarar yetkazish urush tugaganidan keyin mamlakatning muqarrar ravishda “muvaffaqiyatsiz davlat” (failed state)ga aylanishiga olib kelishini ta’kidlagan.
Shuningdek, “Bloomberg” Trampning Eron energetika infratuzilmasiga zarba berishni kechiktirish qarorini bozorlarni “tinchlantirish” istagi bilan bog‘lamoqda. Tramp tomonidan e’lon qilingan bu qaror neft narxining zudlik bilan pasayishiga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 mart kuni Tramp Erondan Hormuz bo‘g‘ozini ikki kun ichida ochishni talab qilgan edi. U agar bu sodir bo‘lmasa, AQSH zarba berishi va Eron elektr stansiyalarini yo‘q qilishini aytgandi. 23 mart kuni AQSH Prezidenti Vashington va Tehron “juda yaxshi va samarali muzokaralar o‘tkazganini”, shu sababli Pentagonga Eron elektr stansiyalari va energiya infratuzilmasiga zarba berishni besh kunga qoldirishni buyurganini ma’lum qildi. Eron esa AQSH bilan muzokaralar o‘tkazilganini inkor etmoqda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron bilan muzokaralarda Amerika tomonidan uning kuyovi Jared Kushner va maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etgan. Tramp Eron tomonidan kim qatnashganiga aniqlik kiritmagan, faqatgina bu “yuqori martabali va hurmatli yetakchi” ekanini qayd etdi. “The Jerusalem Post” nashri Vashington bilan muzokaralarni Eron parlamenti spikeri Muhammadbog‘ir G‘olibaf olib borayotganini yozgan edi. Biroq u buni rad etmoqda.
Live
Barchasi