Tuladagi vaqtinchalik saqlash markazidan bir guruh o‘zbekistonliklar qaytariladi
Jamiyat
−
23 mart 5634 2 daqiqa
Rossiyaning Tula viloyatidagi vaqtinchalik saqlash markazidan bir guruh o‘zbekistonliklar ortga qaytariladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Rossiyaning Tula viloyatidagi Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga tashrif buyurgan. Tashrif davomida elchixonaning bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov muassasada saqlanayotgan o‘zbekistonliklarning yashash va ovqatlanish sharoitlari bilan yaqindan tanishgan. Aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha Rossiya tomoni bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan.
Markaz rahbariyati va Rossiya Ichki ishlar vazirligining viloyat boshqarmasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda fuqarolarning hujjatlarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish va ularni qisqa fursatda O‘zbekistonga qaytarish masalalari muhokama qilingan.
Muzokaralar natijasida markazda uzoq vaqtdan buyon saqlanib kelayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolarini yaqin kunlarda ortga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Bosh konsul o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston davlat siyosatida inson qadri va fuqarolar manfaati oliy qadriyat ekanini alohida ta’kidlagan. Xorijda qiyin ahvolga tushib qolganlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish diplomatik vakolatxonaning ustuvor vazifasi bo‘lib qolishi qayd etilgan.
Elchixona tomonidan Rossiyaning boshqa hududlaridagi shu kabi muassasalarda bo‘lib turgan fuqarolar holidan xabar olish va ularga konsullik ko‘magini ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maldiv orollarida mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida qiyin ahvolda qolgan fuqaro ortga qaytarilgandi.
Live
Barchasi