Turkiyaning yana bir samolyoti boshqa davlat hududida qulab tushdi
Olam
−
14 noyabr 7913 2 daqiqa
Turkiya yong‘in xavfsizligi xizmatiga tegishli samolyot Xorvatiyada qulab tushdi. Hodisa oqibatida bortdagi uchuvchi halok bo‘lgan. Bu haqda “Hürriyet Daily News” xabar berdi.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumaklining ma’lum qilishicha, Turkiya yong‘in xizmati tasarrufidagi ikki o‘t o‘chirish samolyoti texnik xizmatdan o‘tish uchun Xorvatiyaga yo‘l olgan.
“Samolyotlar 12 noyabr kuni ertalab Chanoqqal’adan Zagreb aeroportiga uchgan. Noqulay ob-havo sharoiti sababli ular Riyeka aeroportida vaqtinchalik to‘xtashga majbur bo‘lgan. Keyinroq, Turkiya vaqti bilan 17:38 da ikkala samolyot yana Zagrebga uchib ketgan, biroq ob-havo yomonlashgani sabab orqaga qaytishga qaror qilingan. Samolyotlardan biri Riyekaga muammosiz qaytgan, ammo 18:25 da ikkinchi samolyot bilan aloqa uzilgan”, deya xabar bergan vazirlik.
Shundan so‘ng, Xorvatiyada qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan va mamlakatning Sen shahri yaqinida samolyot parchalari topilgan. Shu paytda uchuvchining halok bo‘lgani ham tasdiqlangan.
“Bu fojiali halokatda hayotdan ko‘z yumgan uchuvchimizning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman”, deydi vazir Ibrohim Yumakli.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Turkiya harbiy samolyoti Gruziya hududida halokatga uchragan edi. Keyinroq Turkiya hukumati Gruziyada qulagan harbiy samolyotda 20 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqladi. Halokat joyidan barcha uchuvchilarning jasadlari topildi.
Live
Barchasi