Messi tufayli Hindistonda tartibsizlik bo‘ldi – Weekend

Tahlil

Hindistonda Messining eng katta haykali ochildi. Biroq hindistonlik muxlislar futbolchining tashrifi davomida tantibsizlik chiqardi.

Putin Pokiston Bosh vazirini 40 daqiqa kuttirdi. Sabr kosasi to‘lgan Shahboz Sharif Putin Erdo‘g‘an bilan gaplashayotgan xonaga kirib bordi.

Suriyada 3 amerikalik halok bo‘ldi. Tramp qasos olmoqchi.

Bir hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning WEEKEND dasturida tanishing.

Shahboz Sharif Putin va Erdo‘g‘an uchrashuvini buzib kirdimi?

12 dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.

Forumda aytilgan gaplar va taklif-u tashabbuslar o‘z yo‘liga, uning doirasida sodir bo‘lgan bir hodisa ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Gap Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuvga go‘yo o‘zboshimchalik bilan kirib borgani aks etgan videolar haqida ketmoqda. 

Shahboz Sharif Turkmanistonda Vladimir Putin bilan uchrashishi kerak edi. O‘sha kuni “RT India” tarqatgan videoda u o‘rinbosari Ishoq Dar bilan birga Putinni kutib o‘tirgani ko‘rinadi va izohda kutish 40 daqiqa davom etgani yoziladi. Qo‘shni xonada esa Putin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokara o‘tkazayotgan edi.

Videodan ko‘rish mumkinki, sabr kosasi to‘lgan Shahboz Sharif Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi yopiq uchrashuv o‘tayotgan xonaga kirib borgan. Aytilishicha, u Putin bilan qisqacha bo‘lsa ham muloqot qilishni umid qilgan. Biroq Sharif taxminan 10 daqiqadan so‘ng xonani tark etgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Sharifni keskin tanqid qildi. Izohlar orasida “global sharmandalik”, “Putin qanday o‘ynashni biladi” kabi fikrlar ham bo‘ldi.

Biroq bu videolarni kim tarqatayotganiga e’tibor qaratsak, bu joriy yilning 5 dekabr kuni Putinning Hindistonga davlat tashrifi doirasida ish boshlagan kanal ekanini payqash mumkin. Tarmoqlarda hodisani talqin qilgan RT India'ni, umuman olganda Hindiston mediasini dizinformatsiya va voqeani atayin buzib ko‘rsatishda ayblovchi izohlar ham yo‘q emas.

Video tarqalganidan bir necha soat o‘tib, RT India uni o‘chirib tashladi va bu “voqealarni noto‘g‘ri talqin qilish” bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Pokiston ommaviy axborot vositalariga ko‘ra esa, Sharif Putin va Erdo‘g‘an bilan muloqot qilgan hamda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarni muhokama etgan.

RIA Novosti agentligi esa Rossiya va Turkiya delegatsiyalari a’zolari xonani tark etgandan keyin yetakchilar suhbatni tor doirada davom ettirgani, biroz vaqt o‘tgach, Putin bilan uchrashuvni kutib turgan Pokiston Bosh vaziri ham ushbu uchrashuvga qo‘shilganini yozdi. 

Putin va Erdo‘g‘an jami hisobda bir yarim soat davomida muloqot qildi. Uchrashuv yakunlangach, avval Erdo‘g‘an, undan keyin esa Putin Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan birga zaldan chiqdi. Rossiya yetakchisi va Turkiya Tashqi ishlar vaziri suhbatlasha turib, chiqish tomon yo‘l oldi.

Pokistonning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri hukumat bu voqeani protokol me’yorlariga zid deb hisoblashini aytdi.  

Rossiya rasmiy bayonot bergani yo‘q. Kremlga yaqin manbalar Putin jadvali “juda zich va o‘zgaruvchan” ekanini, bir vaqtning o‘zida bir nechta ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilayotganini aytgan. Biroq Pokiston buni oddiy kechikish sifatida qabul qilmay, delegatsiyaga hech qanday o‘zgarish haqida xabar berilmagani va vaziyat jadval zichligidan ko‘ra chuqurroq sabablarga ishora qilayotganini ta’kidlamoqda.

Hodisadan bir necha kun oldin Putin Hindistonga keng yoritilgan tashrifni amalga oshirib, Bosh vazir Narendra Modi bilan strategik sheriklikni yana bir bor tasdiqlagan edi. Tahlilchilar tomonidan Nyu-Delhidagi rasmiy ziyofatlar va uzoq muzokaralar Pokiston Bosh vaziriga bo‘lgan munosabat bilan keskin taqqoslanmoqda.

Tarixan Pokiston va Rossiya munosabatlari ehtiyotkor va ko‘pincha murakkab bo‘lib kelgan – bunda “sovuq urush” davridagi bloklar hamda Moskva va Hindiston o‘rtasidagi mudofaa va energetika sohasidagi yaqin aloqalar hal qiluvchi rol o‘ynagan. 

Messi Hindistonda

Hindistonning Kalkuttasida argentinalik futbol afsonasi Lionel Messi sharafiga dunyodagi eng katta deb hisoblangan 21 metrlik temir haykal qurib bitkazildi. 

Haykalda Messi qo‘lida Jahon chempionati kubogini ushlab turgan holda tasvirlangan. G‘arbiy Bengal vaziri Sujit Bose haykal atigi 40 kun ichida qurib bitkazilganini aytdi.  

13 dekabr kuni haykalning ochilish marosimi  bo‘lib o‘tdi. Messi bu paytda Hindistonda edi, biroq tadbirda xavfsizlik sababli shaxsan ishtirok etmadi, shuning uchun marosim virtual tarzda o‘tkaziladi.

Messi “Inter Mayami”dagi jamoadoshlari Luis Suares va Rodrigo De Paul bilan birga Haydarobod, Mumbay, Dehli va Kalkutta shaharlariga uch kunlik tashrif bilan kelgan. U Kalkutta shahridagi Cri Bhumi sport klubida hindistonlik mashhur aktyori Shohruxxon bilan ham uchrashdi. Biroq hamma narsa ham reja bo‘yicha ketgani yo‘q. Hindistonlik muxlislar Lionel Messining Kalkuttadagi “Solt-Leyk” stadioniga tashrifi qisqa muddatda tugagani sabab tartibsizliklar keltirib chiqardi. 

Messi “Solt-Leyk” stadioniga chiqqan, tomoshabinlarga qo‘l silkitgan va bir necha daqiqa o‘ynaganidan so‘ng darhol stadionni tark etgan. Bu esa g‘azablangan muxlislar orasida tartibsizliklarni keltirib chiqargan va ular stadion rahbariyatini yomon tashkilotchilikda ayblashgan. Sababi ko‘plab muxlislar chiptalar uchun 100 dollardan ortiq pul to‘lagan, ba’zilari uchun bu Hindistonda bir oylik maoshga teng bo‘lgan. 

“Messi atigi 10 daqiqaga keldi. Barcha VIP mehmonlar va vazirlar uni o‘rab olishdi. Biz hech narsa ko‘rmadik. Shuncha pul, his-tuyg‘u va vaqt behuda ketdi”, deydi muxlislardan biri.

Suriyadagi hodisadan so‘ng Tramp qasos olmoqchi

Suriyaliklar 8 dekabr kuni diktotor Bashar Asad va uning qattiqqo‘l hukmronligi tugatilganining bir yilligini nishonladi. Bir necha yillik urushdan so‘ng barqarorlik va tiklanish uchun kurashayotgan mamlakatda bayram munosabati bilan tadbirlar, hususan harbiy paradlar ham o‘tkazildi.

“Al-Qoida” sobiq qo‘mondoni bo‘lgan ash-Shara Suriya tashqi aloqalarini tubdan o‘zgartirgan katta islohotlar yo‘lini boshlab berdi. U AQSH bilan aloqalarni tikladi, axloqiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlashni arab ko‘rfazi davlatlari va Turkiyadandan qo‘lga kiritdi hamda Asadning asosiy tayanchlari bo‘lgan Eron va Rossiyadan chekina boshladi. G‘arb tomonidan joriy qilingan og‘ir sanksiyalar asosan bekor qilindi.

Ash-Shara Asadning shafqatsiz politsiya davlatini inklyuziv va adolatli boshqaruv bilan almashtirishga va’da bergan. Biroq mamlakatning turli hududlarida yuz bergan to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘ldi, bu esa yangi qochqinlikka sabab bo‘lib, ozchilik guruhlari orasida ash-Shara hukumatigai shubha va ishonchsizlikni kuchaytirdi. Hukumat esa Damashq nazoratini butun mamlakat bo‘ylab qayta tiklash uchun kurashmoqda.

Joriy haftada Suriyada “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik tashkilotining yakka holda harakat qilgan jangarisi tuzog‘iga tushgan ikki nafar amerikalik harbiy xizmatchi va yana bir amerikalik tarjimon halok bo‘ldi. Jangarining o‘zi ham yo‘q qilingan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa “javob choralari” bilan tahdid qildi. Tramp bu haqda kecha, 13 dekabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum “Suriyaning juda xavfli, o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara kuchlari tomonidan to‘liq nazorat qilinmaydigan qismida” sodir etilgan. Trampning aytishicha, ash-Shara sodir bo‘lgan voqeadan “juda g‘azablangan va xavotirda”.

“Ha, biz javob zarbasini beramiz. Juda jiddiy qasos choralari ko‘riladi”, dedi Oq uy rahbari jurnalist savoliga javoban.

AQSH Suriya va Iroqda ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga boshchilik qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, guruh AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan harbiy jihatdan mag‘lub etilgan. Biroq ISHIDning ayrim jangarilari hali ham Iroq va Suriyada yashirinib, teraktlar uyushtirib kelmoqda.

Joriy yilning 10 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi. Shu kuni Suriya Damashq AQSH yetakchiligidagi ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgan.

CENTCOM va Suriya ichki ishlar vazirligi kuchlari 24–27 noyabr kunlari Damashq viloyatida ISHIDga tegishli maxfiy qurol omborlari joylashgan 15 ta nuqtaga havodan va yerdan zarbalar bergan.

Rossiya Karim Xonni 15 yil qamoqqa hukm qildi 

Putinni hibsga olishga order bergan Karim Xon Rossiyada sirtdan qamaldi. 12 dekabr kuni Rossiya sudi Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori va sakkiz sudyani Rossiya fuqarolarini ta’qib qilishda aybdor deb topdi. Ular sirtdan 3,5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular orasidagi XJS prokurori Karim Xon 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Xon dastlabki to‘qqiz yilni umumiy tartibli koloniyada, qolganini esa maksimal tartibli koloniyada o‘tashi kerak.

Karim Xon tashabbusi bilan XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan hibsga olish orderlari chiqargan. 

Lekin na Rossiya, na Isroil Xalqaro jinoyat sudining a’zosi emas. Ikkala davlat ham sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va ayblovlarni rad etadi.

Bu tashabbuslaridan so‘ng Karim Xonning o‘ziga ham loy chaplana boshlandi. Ayrim ayollar 15 yillar ordin Karim Xon tomonidan sodir etilgani aytilgan jinsiy tajovuzlar haqida aynan orderlardan so‘ng sudga murojaat qila boshladi. 

Isroilning asosiy ittifoqchisi AQSH esa XJSga sanksiya kiritdi. Donald Tramp Xalqaro jinoiy sudni AQSH va uning eng yaqin ittifoqchilari, birinchi navbatda, Isroilni noqonuniy nishonga olganlikda ayblab, unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Karim Xon Tramp tomonidan tasdiqlangan iqtisodiy va sayohat bo‘yicha sanksiyalar ostiga tushgan birinchi shaxs bo‘ldi.

Joriy haftada esa AQSH Xalqaro jinoiy sudni (XJS) yuridik shaxs sifatida sanksiyalar orqali jazolash bilan tahdid qildi. Hozircha cheklovlar faqat ayrim shaxslarga nisbatan qo‘llanmoqda. 

Vashington sudi esa Trampning vakolat muddati tugaganidan keyin unga nisbatan choralar ko‘rilishidan xavotirda. Bu nimaga asoslanishi mumkinligi noma’lum. 

Tramp ma’muriyati XJSdan uning asosiy hujjati – Rim statutiga o‘zgartirish kiritishni talab qilgan. Bu o‘zgartirish Tramp va yuqori lavozimli amerikalik amaldorlarga nisbatan har qanday tergovni qat’iyan taqiqlashi kerak. Agar XJS bu va yana ikki talabni bajarmasa, unda sanksiyalar nafaqat sudning ayrim mansabdorlariga, balki sudning o‘ziga ham qo‘llanishi mumkin. Yana 2 talab nima deysizmi? Bu – G‘azo sektoridagi urush bo‘yicha Isroil rahbariyatiga nisbatan olib borilayotgan tergovni to‘xtatish, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondagi harakatlari bo‘yicha avval o‘tkazilgan tergovni rasmiy ravishda yopish.

XJS raisi Tomoko Akane sud AQSH bosimiga qarshi turishga tayyorligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shavkat Mirziyoev Suriya IShID Turkiya O'zbekiston Eron Vladimir Putin Donal'd Tramp Iroq Hindiston Rajab Toyib Erdo'g'an Pokiston Lionel' Messi Turkmaniston Isroil Bashar Asad Rossiya Federatsiyasi Narendra Modi “Al-Qoida” Serdar Berdimuhamedov Bin'yamin Netan'yaxu Shahboz Sharif Gaaga XJS Tomoko Akane Karim Xon Mas'ud Pezeshkiyon Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing