Ukraina sobiq energetika vaziri ikki oyga hibsga olindi

Olam

image

Joriy yilning 17 fevral kuni Ukraina Oliy antikorrupsiya sudi mamlakat sobiq energetika vaziri German Galushenkoga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 60 kun – 15 aprelga qadar qamoqda saqlash chorasini belgiladi. Bu haqda “Ekonomicheskaya pravda” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Galushenko pul mablag‘larini legallashtirish (yuvish) va jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etishda gumon qilinmoqda. Sud, shuningdek, 200 million grivna (taxminan 3,9 million yevro) miqdorida garov evaziga ozod etish imkoniyatini ham belgilagan. Ayblov tomoni esa garovni 425 million grivna (taxminan 8 million yevro) miqdorida belgilashni so‘ragan. Galushenkoning o‘zi sudda ko‘pi bilan 30 million grivna to‘lashga qodirligini bildirgan.

Garov puli to‘langan taqdirda sobiq vazirga Kiyev shahri va Kiyev viloyati hududidan chiqib ketish, ish bo‘yicha boshqa figurantlar, jumladan, tadbirkor Timur Mindich bilan muloqot qilish taqiqlanadi. Shuningdek, u elektron braslet taqib yurishi shart bo‘ladi. Galushenko sud qaroridan rozi emasligini va apellyatsiyaga berish uchun advokatlarga mablag‘ yig‘moqchi ekanini ma’lum qilgan.

U 2026 yil 15 fevral kuni Ukraina hududini tark etishga uringan paytda qo‘lga olingan. U “Midas” ishi bo‘yicha gumon qilinmoqda. Mazkur ish davlat korxonasi Energoatomda yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Tergov haqida avvalroq Ukraina maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (MAP) va Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (MAB) xabar bergan.

Joriy yilning 16 fevral kuni unga pul mablag‘larini legallashtirish va tergov versiyasiga ko‘ra, hukumatda ishlagan davrida energetika sohasida 112 million dollardan (94 million yevro) ortiq noqonuniy daromad olgan jinoiy tashkilotda ishtirok etish ayblovi qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, German Galushenko 2021 yil aprelidan 2025 yil iyuligacha Ukraina energetika vaziri lavozimida ishlagan. Shundan so‘ng Prezident Vladimir Zelenskiy uni adliya vaziri etib tayinlagan. Biroq, 2025 yil 10 noyabr kuni MAB Galushenko, “Energoatom” hamda tadbirkor Timur Mindich – Zelenskiyning uzoq yillik hamkori va “Kvartal 95” studiyasining hammuassisi – bilan bog‘liq joylarda tintuv o‘tkazgan. Mojaro ortidan 12 noyabr kuni Galushenko adliya vaziri vazifasini bajarishdan chetlashtirilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, “Energoatom”dagi sxema tashkilotchilari korxona kontraktlari qiymatining 10–15 foizi miqdorida “otkat” talab qilgan. Yetkazib beruvchilar tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar bloklanishining oldini olish hamda yetkazib beruvchi maqomini saqlab qolish uchun to‘lashga majbur bo‘lgan. Bu sxema norasmiy ravishda “shlagbaum” deb atalgan.
 
MAB xabarida qayd etilishicha, “Amalda yillik daromadi 200 milliard grivnadan ortiq bo‘lgan strategik korxonani top-menejerlar, kuzatuv kengashi yoki mulkdor sifatida davlat emas, balki vakolati bo‘lmagan holda o‘zini soya boshqaruvchisi sifatida tutgan begona shaxs boshqargan tizim yaratilgan.”

Eslatib o‘tamiz, avvalroq German Galushenko “pul yuvish” va jinoiy guruh faoliyatida ishtirok etishda rasman ayblanib qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

German Galushenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing