O‘zbekiston armiyasi jang sharoitlariga mos bo‘lishi kerak 

Tahlil

O‘zbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi kerak. Shu sababli, O‘zbekistonning Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi o‘zgartiriladi. Bundan tashqari, oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – mamlakat Qurolli kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda so‘z ochdi. 

Yig‘ilishda zamonaviy xavf va tahdidlarning mazmuni ham, ko‘lami ham kundan-kunga o‘zgarib borayotgani, mudofaa va xavfsizlik sohasi oldiga katta vazifalar qo‘yilayotganini inobatga olib, davlat rahbari sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi.

“Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib g‘alaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda”, deydi davlat rahbari. 

Prezident tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini  ta’kidladi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish bo‘yicha “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oliy Bosh Qo‘mondon kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor e’tibor qaratiladi.

“Shuni unutmaslik kerakki, harbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishning asosiy shartidir”, deydi Prezident.

Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatni hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qoladi. Ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etadi. Shuningdek, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi aytilgan. 

“Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. O‘zbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.

Shu sababli, qo‘shinlarni sun’iy intellekt asosida robotlashgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha, razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi kerakligini qayd etildi.

Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlarga harbiy qismning oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati beriladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlar jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarur.

Endilikda armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi.

Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

“Bir so‘z bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak”, deydi Prezident.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Shuningdek, kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. 

“Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur”, deydi Prezident va bu borada katta yangiliklarni e’lon qildi.

Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.

Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi. Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston tinchlik armiyasi Oliy Bosh Qo'mondoni xotirjamlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing