Farg‘onada erkak suv ta’minoti xodimining boshini yordi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan suv ta’minoti xodimi kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura munosabat bildirdi. 

Aniqlanishicha, kecha, 9 mart kuni “Farg‘ona suv ta’minoti” MCHJning O‘zbekiston tumani filiali inspektori D.S. tumandagi Sochtepa ko‘chasida joylashgan xonadonlardan biriga borgan. Ushbu xonadonda suv ta’minoti holatini o‘rganish davomida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hisoblagich mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanilishi haqida ma’lum qilingan vaqtda ushbu xonadonda yashovchi fuqaro Fazliddin Pardayev xizmat vazifasini bajarayotgan inspektor D.S.ga qarshilik qilib, janjallashgan. Janjal davomida Pardayev o‘sha yerda bo‘lgan yog‘och bo‘lagi bilan inspektor D.S.ning bosh qismiga urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida erkak ayol va uning o‘g‘lini ayovsiz kaltaklagan edi. Holat yuzasidan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Farg'ona suv ta'minoti xodimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing