O‘zbekiston Gvineya-Bisau bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 22 aprel kuni AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Gvineya-Bisauning BMTdagi missiyasi rahbari Samba Sane diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunikeni imzoladi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Ikki tomonlama aloqalarning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib olingan.

G‘arbiy Afrika davlati bo‘lgan Gvineya-Bisau Respublikasi O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 168-mamlakatga aylandi.

Ma’lumot uchun, Gvineya-Bisau – G‘arbiy Afrikada joylashgan kichik davlat bo‘lib, u Atlantika okeani sohilida joylashgan. Mamlakat shimoldan Senegal, janub va sharqdan Gvineya bilan chegaradosh. Poytaxti – Bisau shahri hisoblanadi.

Mamlakat aholisi nisbatan kam bo‘lib, turli etnik guruhlar yashaydi, ular orasida balanta, fula va mandinka xalqlari asosiy o‘rinni egallaydi. Rasmiy til – portugal tili, ammo kundalik hayotda ko‘pchilik Kriolu (kreol tili)dan foydalanadi. Din jihatidan aholining katta qismi islom diniga e’tiqod qiladi, qolganlari esa xristianlik va mahalliy an’anaviy e’tiqodlarga amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 aprel kuni Antaliya shahrida O‘zbekiston va Ruanda Tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Olive Nduhungirehe diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunikeni imzolagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Saidov Gvineya-Bisau Samba Sane

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing