O‘zbekistonda 11 ta bank jarimaga tortildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2026 yil fevral oyida kamchiliklar aniqlangan 11 bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning fevral oyidagi yig‘ilishlar (jami 7 marta) davomida 43 ta masala ko‘rib chiqilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (3 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (1 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (6 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta), to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya qayta rasmiylashtirish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish
(14 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 13 ta masala ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmagani uchun xamda inspeksiya va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun  11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.

Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga belgilangan tartibda muvofiqlashtirmagani hamda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, 8 ta bankka nisbatan vujudga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarning bank moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish, ularda makroprudensual buferlar shakllantirishini ta’minlash maqsadida bank aksiyadorlariga oddiy aksiyalari bo‘yicha dividendlar to‘lash orqali foydani taqsimlamaslik talabi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14 foiz darajasida – o‘zgarishsiz qoldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Markaziy bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing