O‘zbekistonda chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartiriladi
Jamiyat
−
30 aprel 1855 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2030 yilga borib chiqindi poligonlari sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar ham atroflicha tahlil qilingan. 2025 yilda sanitar tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88 foizga yetgan, sohaga maxsus texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berilgan, 132 ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan, 47 ta poligon faoliyati to‘xtatilgan.
Joriy yilda sanitar tozalash korxonalariga qo‘shimcha maxsus texnika va konteynerlar yetkazib berib, qamrovni 90 foizga yetkazish, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish, 2030 yilga borib, poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.
Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish, saralash va qayta ishlash hajmini oshirish, poligonlarga tushadigan yuklamani qisqartirish muhimligi ta’kidlandi. 2026 yilda 28 ta, 2030 yilgacha esa 70 ta qayta yuklash stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.
Maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarining borishi to‘g‘risida ham axborot berilgan. Umumiy qiymati 933 million dollar bo‘lgan 6 ta zavodni qurish ishlari Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Bu zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichda 633 million dollarlik yana 5 ta zavod qurish bilan bog‘liq ishlarni boshlashga ko‘rsatma berilgan.
Xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilingan. Navoiy viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur investitsiya loyihasi doirasida xavfli chiqindilarni laboratoriyada tavsiflash, maxsus poligon tashkil etish, chiqindilardan RDF yoqilg‘i ishlab chiqarish, fizik-kimyoviy va termik qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Loyiha qiymati 260 million dollar bo‘lib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi. Uning amalga oshirilishi ekologik barqarorlikni ta’minlash, yangi standartlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, 2017 yilda qurilish chiqindilari hajmi 1,2 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 1,9 million tonnaga yetgan.
Shu munosabat bilan qurilish chiqindilarini “hosil bo‘lishdan utilizatsiyagacha” bo‘lgan jarayonini to‘liq nazorat qiladigan raqamli platforma yaratish, chiqindilar harakatini GPS orqali real vaqt rejimida kuzatish, poligonlarda saralash va qayta ishlash komplekslarini tashkil etish taklif etilgan.
Shuningdek, qurilish ob’ektlarini qabul qilishda chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma shartlari bajarilganini majburiy talab sifatida belgilash, noqonuniy tashlash holatlarini foto va video qayd etish orqali aniqlash hamda javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Live
Barchasi