O‘zbekistonda endi jarimani avtomobil egasi emas, ruldagi haydovchi to‘laydi
Jamiyat
−
01 aprel 9685 1 daqiqa
O‘zbekistonda transportni boshqarish huquqini olgan shaxslarga yo‘l qoidalari buzilganligi uchun javobgarlikni o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumatning 30 mart kuni qabul qilingan 125-sonli qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan tegishli transportni fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida boshqarish hamda ulardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik o‘tkazilgani haqida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, xabardor qilish YAIDXP (my.gov.uz) yoki Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Xabardor qilish xizmatidan foydalanish uchun transport egasi YAIDXP yoki mobil ilovada shaxsiy kabinet ochgan holda so‘rovnoma to‘ldiradi va unda boshqarish huquqini berish muddatini ko‘rsatib o‘tadi.
Boshqarish huquqini olgan shaxs so‘rovnomani tasdiqlash orqali kelgusida unga nisbatan jarima solish to‘g‘risida qaror rasmiylashtirilib borilishiga roziligini elektron raqamli imzo yoki “Mobile-ID” yoxud “Face-ID” orqali tasdiqlaydi.
Xabardor qilish xizmati uchun BHMning 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma 5 yil muddatga rasmiylashtirilishi belgilangan.
Live
BarchasiPutin Xitoyga yetib bordi
19 may