O‘zbekistonda GMO mahsulotlarini tartibga soluvchi hukumat qarori kutilmoqda (video)
Jamiyat
−
25 fevral 3469 4 daqiqa
Genetik modifikatsiya qilingan mahsulotlar ko‘payib borayotganligini e’tiborga olib, bu bo‘yicha alohida topshiriqqa asosan hukumat qarori tayyorlangan. Yaqin kunlarda bu qaror imzolanadi va keng jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi. Bu haqda Sanepidqo‘mita raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya sohalarida genetik modifikatsiyalashtirilgan organizmlar rivojlanish bosqichi sifatida ko‘riladi va shu bilan birgalikda uning allergik reaksiya, ekologiyaga qarshi xavflari ham mavjud. Hatto rivojlangan davlatlarda ham GMO mahsulotlarga ba’zi cheklovlar o‘rnatilgan. Sanepidqo‘mita raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov QALAMPIR.UZ jurnalistining O‘zbekistonda genetik modifikatsiya qilingan organizmlar bo‘yicha ilmiy va nazorat mexanizmlari qanday ekani haqidagi savoliga javob berdi.
Unga ko‘ra, “genetik modifikatsiyalangan mahsulotlar koni zarar”, degan fikr to‘g‘ri emas va buni qandaydir fojia sifatida ko‘rish xato. Lekin shu bilan birgalikda uning me’yori bo‘lishi shart.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer kurrasi to‘rt milliard odamni organik mahsulot bilan boqa olish imkoniyatiga ega. Demak, hozir taqriban sakkiz milliard aholi bo‘lsa, qaysidir bir qismi genetik modifikatsiyalangan mahsulotlardan yo sintetik mahsulotlardan foydalanayotgan bo‘lish ehtimoli bor. O‘zbekistonda esa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida genetik modifikatsiyalangan mahsulotlar bor yoki yo‘qligini aniqlash, ularda markirovka ko‘rsatilganligiga baho berish bo‘yicha alohida hukumat qarori tayyorlangan. Yaqin kunlarda bu qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
“Barcha xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda dunyo hamjamiyatining tajribalaridan kelib chiqqan holda qaror loyihasi tayyorlangan. Bu tizim O‘zbekiston hududi uchun unchalik ommalashmagan edi. Lekin borgan sari bu kabi mahsulotlar ko‘payib borayotganligini e’tiborga olib, bu bo‘yicha alohida topshiriqqa asosan hukumat qarori tayyorlangan. Qaror yaqin kunlarda imzolanadi va keng jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi”, deydi Otabekov.
Xo‘sh, oddiy aholi GMOni jaydari mahsulotlardan qanday aniqlab oladi? Sanepidqo‘mita raisi o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ko‘chada sotilayotgan shirin makkajo‘xorilarning hammasi genetik modifikatsiyalangan mahsulotlar. Jaydari jo‘xori hech qachon to‘liq donli, chiroyli ko‘rinishli bo‘lishi mumkin emas.
“Umuman, genetik modifikatsiyalangan mahsulotlar salomatlikka, ya’ni inson organizmiga ta’sir qilib, genni o‘zgartirib olish qudratiga ega emas. Lekin, albatta, iste’molda organik mahsulotlarni ko‘paytirish nuqtai nazaridan bunga qiziqish bildirish mumkin”, deydi u.
Ma’lumot uchun, genetik modifikatsiyalangan organizm – bu zamonaviy biotexnologiya va gen muhandisligi yordamida DNK tarkibi maqsadli ravishda o‘zgartirilgan organizmdir. Bu jarayonda bir organizmning ma’lum bir xususiyatga javob beruvchi geni (masalan, sovuqqa chidamlilik, zararkunandadan himoyalanish yoki vitamin boyligi) ajratib olinadi va mutlaqo boshqa turdagi organizm geniga sun’iy ravishda joylashtiriladi. Natijada tabiatda o‘z-o‘zidan uchrashi imkonsiz bo‘lgan yangi xususiyatli o‘simlik yoki hayvon paydo bo‘ladi.
Dunyo bo‘ylab GMO ekinlari asosan hosildorlikni oshirish, mahsulot tannarxini tushirish va oziq-ovqat yetishmovchiligi muammosini hal qilish uchun yaratiladi. Masalan, hasharotlarga chidamli makkajo‘xori yoki begona o‘tlarga qarshi dori (gerbitsid) sepilganda nobud bo‘lmaydigan soya navlari shular jumlasidandir. Garchi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar sinovdan o‘tgan GMO mahsulotlarini inson salomatligi uchun bevosita xavfli deb hisoblamasa-da, ular atrofida hamon turli bahslar mavjud.
Tanqidchilar bunday mahsulotlar kelajakda allergik reaksiyalar keltirib chiqarishi, antibiotiklarga chidamlilikni oshirishi yoki ekologik muvozanatni buzib, yovvoyi tabiatda “super begona o‘tlar” yaratishi mumkinligidan xavotir bildiradi. O‘zbekiston kabi davlatlar Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida aynan mana shu mahsulotlar ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi, ularni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishi va iste’molchi tanlash huquqiga ega bo‘lishi uchun markirovka (mahsulot yorlig‘ida GMO borligini ko‘rsatish) tartibini joriy etishi talab etiladi. Bugungi kunda jahon bozoridagi soya, makkajo‘xori, paxta va qand lavlagining salmoqli qismi GMO asosida yetishtirilmoqda, bu esa ushbu texnologiyaning zamonaviy iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligining ajralmas qismiga aylanganini ko‘rsatadi.
Live
Barchasi