O‘zbekistonda kiberjinoyat va moliyaviy piramidalar uchun jazo kuchaytiriladi

Jamiyat

image

Bugun, 12 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda internet tarmog‘ida axborot tarqatish va ma’lumot izlash imkoniyatlari kengaymoqda. Jumladan, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilarning soni 31 milliondan oshgan bo‘lib, shundan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.

Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari kun sayin ortib bormoqda.

Xususan, so‘nggi olti yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin ko‘payib borayotgani milliy qonunchilikka shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish va kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha normalarni kiritish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda ko‘plab fuqarolarga jabr keltirayotgan “moliyaviy piramida” uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etilgan.

Fuqarolarning o‘z nomlariga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari hamda abonent raqamlardan foydalanishda shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida o‘z nomidagi elektron to‘lov vositasi, kriptohamyoni, SIM-kartasi va elektron akkauntlardan kiberjinoyatni sodir etishda foydalanilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilingan.

Ta’kidlash kerakki, bugun muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlar oqibatida katta salbiy oqibatlarga va moddiy zarar olib keluvchi kiberhujumlar global tus olib, respublikamizda ham kuzatilmoqda. Bu esa yuridik shaxslar o‘z tasarrufidagi axborot tizimlarining xavfsizligini bugungi kundagi zamonaviy tahdidlarga munosib tarzda takomillashtirib borishi va kiberxavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratishini taqozo etmoqda.

Shunga ko‘ra, yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qat’i nazar, ma’muriy javobgarlikni belgilash taklif qilingan.

Ushbu amaliyot masofadan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi banklarga ham taalluqli bo‘lib, ular ham o‘z tizimlarida firibgarliklarning oldini olish bo‘yicha himoya va xavfsizlik choralarini muntazam takomillashtirib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Xususan, o‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shu nuqtai nazaridan, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surilgan.


Maqola muallifi

Teglar

moliyaviy piramida jazo kiberjinoyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing