Prezident bayramona dam olish kunlari bo‘yicha yangi farmon imzoladi
Jamiyat
−
24 dekabr 10575 2 daqiqa
O‘zbekistonliklar Yangi yil bayrami munosabati bilan 5 kun dam oladi. Bu haqda Prezidentning bugun, 24 dekabr kuni qabul qilingan “2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, ish haftasining turidan qat’i nazar 31 dekabr, 2 va 3 yanvar qo‘shimcha dam olish kunlari sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, 2026 yilda:
- barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar): 2 yanvar, 28 may, 29 may, 31 avgust;
- olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar, 30 may, 31 dekabr qo‘shimcha dam olish kunlari sifatida belgilangan.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chiriladi.
Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chiriladi.
Bundan tashqari, bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
- Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi ob’ektlari (madaniy meros ob’ektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etadi;
- O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etiladi;
- “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
- mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
- uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etiladi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlanadi.
Live
Barchasi