O‘zbekistonliklarga ish tashlash huquqi beriladi
Jamiyat
−
09 Sentabr 8988 3 daqiqa
O‘zbekistonda ilk bor fuqarolarning ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan muhokama qilingan, Senatning “Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunchilik taklifida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining maqsadi – milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning “Birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli va “Jamoa muzokaralarini olib borish va birlashish huquqi to‘g‘risida”gi 98-sonli konvensiyalari talablariga muvofiqlashtirishdan iborat. Bu, o‘z navbatida, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda belgilangan me’yorlarni amalda qo‘llashga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha ish tashlash huquqini qonuniy tartibga solishni nazarda tutadi. Milliy qonunchilikdagi bo‘shliqni to‘ldirish orqali fuqarolarning mehnat huquqlari ta’minlanishi kutilmoqda.
Qonun loyihasi 9 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan 2 ta qonun, 4 ta kodeksga qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Mehnat kodeksiga ish tashlashning aniq ta’rifi va tushunchalari, uni o‘tkazish tartib-taomillari, xodimlarga ish tashlash jarayonida beriladigan kafolatlar belgilanmoqda.
Shuningdek, ish tashlashning boshlanishini kechiktirish, to‘xtatib turish, tiklash va tugatish tartiblari hamda ish tashlashga oid cheklovlar aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga to‘liq moslashtirish, ijtimoiy adolat, tenglik va demokratik boshqaruv prinsiplarini amalda mustahkamlashni nazarda tutadi.
Majlisda qonunchilik taklifi bo‘yicha qaror loyihasi qabul qilingan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 98-moddasida O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishga haqliligi belgilangan.
2024 yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari asosida ilk bor qonunchilikka taklif kiritish institutidan foydalanildi. Asosiy qonundagi ushbu normalar asosida ikkinchi marotaba Oliy Majlis Senati tomonidan qonunchilik taklifi ishlab chiqilib Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Ma’lumot uchun, ish tashlash huquqi bu – individual huquq emas, balki jamoaga doir huquq hisoblanadi. Ish tashlash – mehnat nizolarini hal qilish usullaridan biri bo‘lib, biror tashkilot yoki korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasida jamoaviy mehnat nizosi vujudga kelganda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy talablarining korxona yoki hukumat darajasida qondirilishiga erishish maqsadida jamoaviy tarzda ishlarni to‘liq yoki qisman to‘xtatishni o‘zida ifodalaydi. O‘zbekistonning amaldagi Mehnat kodeksiga ko‘ra xodimlar ish tashlash huquqiga ega emas.
Live
Barchasi