Vetnamda 400 dan ortiq mushuk go‘shti uchun o‘g‘irlandi
Olam
−
17 iyun 1673 2 daqiqa
Vetnam politsiyasi Xoshimin shahrida mushuk go‘shti savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yib, 400 dan ortiq tirik mushukni qutqarib qoldi. Bu haqda bugun, 17 iyun kuni mahalliy OAV va hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta bir necha kun davom etgan maxsus operatsiya natijasida qutqarilgan mushuklarning 40 dan ortig‘i o‘z egalariga qaytarilgan. Biroq og‘ir sharoitda saqlangani sababli qutqarilgan hayvonlarning o‘nlab qismi nobud bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Xoshimin shahrida uy hayvonlari o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holatlarni tekshirish chog‘ida jinoiy tarmoq iziga tushgan. Operatsiya davomida to‘qqiz nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Politsiya 45 ta qafas ichida taxminan 400 ta tirik mushukni aniqlagan. Shuningdek, boshqa manzildan muz solingan konteynerlarda saqlangan 80 ta o‘lik mushuk va yana 21 ta tirik mushuk topilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar so‘nggi uch yil davomida Xoshimin shahri, Taynin va Anzyang hududlarida mushuklarni tutib, yig‘ib kelganini tan olgan. Hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari vakillari Vetnamda har yili millionlab it va mushuklar ko‘chalardan yoki xonadonlardan o‘g‘irlanib, iste’mol uchun so‘yilishini aytmoqda.
Qutqarilgan hayvonlarga yordam berayotgan Vietnam Cat Welfare tashkiloti vakili Kris Gindelhumer ko‘plab oilalar o‘z mushuklarini izlab kelayotganini bildirgan.
“Ko‘plab vetnamlik oilalarning o‘z mushuklarini qidirib kelayotganini ko‘rish juda ta’sirli. Ammo ayrimlar o‘z jonivorlarini topa olmayotgani yurakni og‘ritadi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, veterinarlar va ko‘ngillilar qutqarilgan hayvonlarni davolash uchun kecha-yu kunduz ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Vetnamda it va mushuk go‘shtini iste’mol qilish qonunan taqiqlanmagan. Biroq savdogarlar hayvonlarning kelib chiqishini tasdiqlovchi ruxsatnomaga ega bo‘lishi shart. Shu bilan birga, mamlakatning ayrim shaharlari, jumladan, Xoyan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda it va mushuk go‘shti iste’molini qisqartirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.
Janubiy Koreya 2024 yilda it go‘shti savdosini taqiqlaganidan so‘ng, Vetnam hukumati ham uy hayvonlari va ularning egalarini yaxshiroq himoya qilish uchun qonunchilikni isloh qilish rejalarini ma’lum qilgan. https://qalampir.uz/news/zhanubiy-koreyada-it-gushtini-yeyish-tak-ik-landi-95693
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Angren shahrida doimiy ravishda it so‘yib kelgan 2 nafar erkak ushlangan edi.
Live
Barchasi